Prezident Vladimir Putin Rossiya 2026-yilning 5-fevralida muddati tugaydigan START (Strategic Arms Reduction Treaty) shartnomasidagi cheklovlarga rioya qilishda davom etishini bildirdi. START AQSH va Rossiyaning yadro qurollarini cheklashga qaratilgan shartnoma hisoblanadi. Bu haqda Meduza nashri xabar berdi.
Putinning so‘zlariga ko‘ra, START doirasida shakllangan yadro qurolini tiyib turuvchi richaglarni saqlab qolish kerak. Dunyodagi notinch vaziyat shuni taqozo qiladi.
Putin Rossiya shartnomani bir yilga uzaytirmoqchi ekanligini bildirdi. Buning uchun Qo‘shma Shtatlar bitim uzaytirishga rozilik bildirishi kerak va yadro qurolini tiyib turish salohiyatini izdan chiqaruvchi qadamlar tashlamasligi darkor.“Strategik qurollanish poygasining oldini olishni, (yadro quroli xavfini – tahr.) taxmin qilishni va yadro qurolini tiyib turishning kerakli darajasini ta’minlaymiz. Shuning uchun START tufayli shakllangan status-kvoni saqlab qolish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz. Hozirgi notinch vaziyatda START bitimini saqlab qolish lozim”, degan Rossiya yetakchisi.
Meduza nashri Putinning yadro quroli bo‘yicha bayonotlari odatda tahdid ohangida bo‘lishini yozgan. Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga bostirib kirganidan buyon Kreml bir necha bor majbur bo‘lsa, yadro qurolidan foydalanishini aytib keladi. Bundan tashqari, Rossiya yadroviy doktrinasini qayta ko‘rib chiqdi va Belarus hududiga yadro kallaklarini joylashtirdi. G‘arb davlatlari va Ukraina esa Rossiyani “yadroviy shantaj”da ayblab keladi.“Biz yadro qurolini tiyib turish kuchlarimizning ishonchli va samarador ekaniga ishonamiz. Shu bilan birga keskinlikni yanada kuchaytirishga va qurollanish poygasini tezlatishga harakat qilmaymiz”, degan prezident.








