Daryo

“Sulh yetarli emas, Eron harbiy salohiyati yo‘q qilinishi shart” — Fors ko‘rfazi davlatlari AQSHga talab qo‘ydi

Arab davlatlari Tehronning raketa va dron salohiyatini butunlay jilovlash hamda global energiya resurslaridan qurol sifatida foydalanishga chek qo‘yishni talab qilmoqda.

2 daqiqa o‘qish9 690 ko‘rishlar0 izoh7

 Fors ko‘rfazi arab davlatlari AQSHni Eron bilan har qanday kelishuv shunchaki urushni to‘xtatish bilan cheklanib qolmasligi kerakligi haqida ogohlantirmoqda. To‘rt nafar nufuzli manbaning Reuters agentligiga ma’lum qilishicha, mintaqa davlatlari Eronning raketa va dron salohiyatini butunlay jilovlash, global energiya resurslaridan qurol sifatida foydalanishga chek qo‘yishni talab qilmoqda.

Fors ko‘rfazi siyosatchilari uchun asosiy masala urushning qanday tugashi emas, balki undan keyin mintaqada qanday tartib o‘rnatilishi bo‘lib qolmoqda. AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi davomida Tehron tomonidan muntazam ravishda zarbalarga uchrayotgan Fors ko‘rfazi rasmiylari yopiq uchrashuvlarda Vashingtonga Islom Respublikasi hech qanday diplomatik yo‘l qoldirmaganini bildirgan.

Mintaqa davlatlari har qanday kelishuvda quyidagi bandlar qat’iy belgilanishini istamoqda:

  • energetika va fuqarolik obyektlariga raketa hamda dron hujumlarini taqiqlash;
  • neft va kematashuv yo‘llariga tahdidlarni to‘xtatish;
  • proksi urushlar (ikki davlatning o‘zaro to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashmasdan, uchinchi bir tomon, boshqa davlat, isyonchi guruh yoki yollanma harbiylar yordamida olib boriladigan urush)ga chek qo‘yish;

Hormuz bo‘g‘ozidan urush quroli sifatida foydalanmaslik bo‘yicha kafolatlar.

BAAning AQSHdagi elchisi Yusuf al-Otayba Wall Street Journal nashri uchun yozgan maqolasida: “Oddiy sulh yetarli emas. Bizga Eronning barcha tahdidlarini — yadroviy salohiyatdan tortib, dronlar va dengiz yo‘llarini blokirovka qilishigacha bo‘lgan masalalarni hal qiladigan yakuniy natija kerak”, deya ta’kidladi.

Urush energiya eksporti va turizmga tayanadigan Fors ko‘rfazi iqtisodiyotiga qattiq zarba berdi. Bo‘g‘ozdagi uzilishlar energiya narxini oshirib, inflyatsiyani kuchaytirdi. AQSH razvedkasiga ko‘ra, hozircha Eronning ulkan raketa arsenalining faqat uchdan bir qismi yo‘q qilingani ma’lum.

Fors ko‘rfazi davlatlari orasida pozitsiyalar biroz farq qilmoqda. Qatar, Ummon va Kuvayt iqtisodiy oqibatlar va qasos hujumlaridan qo‘rqib, urushni tezroq tugatish tarafdori.

BAA, Saudiya Arabistoni va Bahrayn esa urushning keskinlashuviga tayyorligini va Eronning Hormuz bo‘g‘ozidan “shantaj” vositasi sifatida foydalanishiga ortiq toqat qilmasligini bildirmoqda. BAA prezidenti maslahatchisi Anvar Gargash Eron hujumlari ortidan Abu Dabi Vashington bilan xavfsizlik borasida yanada yaqinroq hamkorlik qilishini ma’lum qildi.

“Navbat bizga keldi”

Saudiya Arabistonida joylashgan Fors ko‘rfazi tadqiqot markazi rahbari Abdulaziz Sagerning so‘zlariga ko‘ra, mintaqaning Vashingtonga xabari endi ochiq-oydin: “AQSH o‘z manfaatlarini va Isroilni himoya qiladi. Endi o‘zimiznikini himoya qilish navbati bizga keldi”.

Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi bosh kotibi Jasem al-Budayviy Eron energiya va fuqarolik infratuzilmasiga 5000 dan ortiq raketa va dron hujumlari uyushtirib, “barcha chegaralardan o‘tib ketgani”ni aytdi. Uning ta’kidlashicha, mintaqa davlatlari keng ko‘lamli urushdan qochish uchun vazminlik qilgan, biroq endi har bir davlat o‘zini himoya qilish huquqini saqlab qoladi.

Tramp Eron bilan muzokaralar juda yaxshi ketayotganini aytgan bo‘lsa-da, Tehron rasmiylari AQSH takliflarini bir tomonlama va adolatsiz deb atab, AQSH bazalarini yopishni talab qilmoqda.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar