AQSHda yaqin orada chiqariladigan dollar kupyuralariga moliya vaziri bilan birga prezident Donald Trampning imzosi ham tushiriladi. Bu haqda AQSH Moliya vazirligi xabar berdi.
Tarixda ilk bor amaldagi prezidentning imzosi Amerika valyutasida paydo bo‘ladi. Shu paytgacha banknotlarda an’anaviy ravishda g‘aznachi imzosi bo‘lgan. Yangi kupyuralarda esa u olib tashlanadi, bunday o‘zgarish 165 yilda birinchi marta yuz bermoqda.
Moliya vaziri Skott Bessentning so‘zlariga ko‘ra, yangi banknotlar 2026-yilda nishonlanadigan AQSHning 250 yilligi munosabati bilan muomalaga chiqariladi.
“Prezident Tramp boshchiligida misli ko‘rilmagan iqtisodiy o‘sish, dollarning uzoq muddatli ustuvorligi, shuningdek, moliyaviy kuch va barqarorlik sari bormoqdamiz. Buyuk davlatimiz va prezident Donald Trampning tarixiy yutuqlarini e’tirof etish uchun uning ismini dollar banknotlariga joylashtirishdan ko'ra yorqinroq usul yo‘q”, dedi Bessent.
AQSH g‘aznachisi Brandon Bich prezidentning “Amerika iqtisodiy tiklanishining oltin asri me’mori” sifatida tarixga qo‘shgan hissasini inkor etib bo‘lmasligini aytdi. U Trampning imzosini AQSH valyutasiga tushirish “nafaqat o‘rinli, balki juda munosib” ekanini ta’kidladi.
“Donald Tramp va moliya vaziri Skott Bessent imzolari tushirilgan dastlabki 100 dollarlik kupyuralar iyun oyida chop etilishi rejalashtirilgan”, deb yozadi Reuters.
Shuningdek, Trampning tasviri AQSHning 250 yilligi munosabati bilan chiqariladigan boshqa materiallarga ham joylashtirilishi rejalashtirilmoqda. Yaqinda prezident stol yonida qo‘llarini musht qilib turgani tasvirlangan yirik esdalik oltin tangasi dizayni ma’qullandi. Komissiya Tramp tasvirlangan 1 dollarlik tanga loyihasini ham ko‘rib chiqmoqda.








