Daryo

AQSHning Eron bilan urushi dollarga talabni oshirdi

Global valyuta operatsiyalarining 89 foizi va neft savdosining qariyb 80 foizi AQSH valyutasida amalga oshiriladi.

3 daqiqa o‘qish26 082 ko‘rishlar0 izoh9

Yaqin Sharqdagi harbiy mojaro Amerika valyutasiga bo‘lgan talabni keskin oshirdi. AQSH va Isroilning Eronga qarshi hujumlaridan so‘ng investorlar dollarga faol o‘tishni boshladi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Geosiyosiy xavflar ortgani sababli bozor ishtirokchilari moliyaviy tizimdagi eng barqaror va likvid aktiv — dollarni tanlamoqda. Reuters ma’lumotlariga koʻra, dollarning boshqa jahon valyutalariga nisbatan indeksi ikki kun ichida taxminan 2 foizga oshgan.

Satori Insights tahliliy kompaniyasi asoschisi Mett Kingning ta’kidlashicha, dollar kursining keskin oshishi kapital oqimlarining qayta taqsimlanishi bilan bog‘liq. Investorlar so‘nggi oylar davomida ko‘plab bozorlarda foyda keltirgan spekulyativ pozitsiyalarni tez yopib, pulni likvid aktivlarga o‘tkazmoqda. Natijada ayrim jahon bozorlarida pasayish kuzatilmoqda. Masalan, Janubiy Koreyaning KOSPI indeksi ikki kun ichida oʻz qiymatining qariyb 20 foizni yoʻqotdi.

Eron atrofidagi keskinlik kuchayishidan oldin dollar bosim ostida edi. Yanvar oyida dollar indeksi taxminan 2 foizga pasayib, so‘nggi to‘rt yillik minimumga tushgan. 2025-yil davomida esa u 10 foizdan ortiqqa qadrsizlangan.

Investor Jeffri Gandlaxning fikricha, bu tendensiya uzoq muddatli bo‘lishi mumkin. Shuning uchun investorlarga rivojlanayotgan bozorlardagi real aktivlar va aksiyalar ulushini oshirish tavsiya etilmoqda.

AQSH dollarining jahon bozoridagi hukmronligi zaiflashishi salkam chorak asrdan beri — 1999-yilda yevroning muomalaga kiritilishi va 2001-yilda Xitoyning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishidan buyon davom etmoqda. Xalqaro valyuta jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2000-yillar boshida dollar dunyo valyuta zaxiralarining 70 foizdan ortig‘ini tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich qariyb 57 foizga tushgan. Shunga qaramay, bu pasayish jarayoni juda sekin kechmoqda va dollar hamon xalqaro savdoda asosiy vosita bo‘lib qolmoqda.

Xalqaro hisob-kitoblar banki ma’lumotlariga ko‘ra, dollar valyuta bozoridagi barcha operatsiyalarning qariyb 89 foizida ishtirok etmoqda, bu oxirgi 25 yildagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Taqqoslash uchun, yevroning ulushi bitimlarning atigi 29 foizini tashkil qiladi.

Dollar neft bozorida asosiy hisob-kitob valyutasi bo‘lib qolmoqda. Jahon neft savdosining atigi 20 foizi boshqa valyutalarda, masalan, yevro yoki Xitoy yuanida amalga oshiriladi. Barcha bitimlarning qariyb 80 foizi hali ham dollarda.

Kaliforniya universiteti professori va xalqaro valyuta tizimlari bo‘yicha ekspert Barri Ayxengrinning fikricha, dollarning xalqaro savdo, moliyalashtirish va valyuta zaxiralarida hali ham to‘laqonli muqobili yo‘q. Biroq uning rolini zaiflashtirish sur’ati tezlashishi mumkin.

Federal rezerv iqtisodiy ma’lumotlariga koʻra, AQSH valyutasining xarid qobiliyati uzoq muddatli pasayishni ko‘rsatmoqda. 1996-yil yanvaridan 2025-yil dekabrigacha u taxminan 52 foizga, 1976-yil yanvaridan esa taxminan 83 foizga kamaydi.

Yil boshida ko‘plab tahlilchilar dollar kursi qulashi haqida gapirdi. Iqtisodchi Piter Shiff Amerika valyutasining hukmronlik davri asta-sekin tugashi va markaziy banklarning asosiy zaxira aktivi sifatida oltinga o‘tishini prognoz qilgan edi. U AQSH uchun bu uzoq muddatli iqtisodiy muammolarga olib kelishi mumkinligini aytgandi.

Jahon oltin kengashi statistikasi haqiqatan ham markaziy banklar tomonidan metallga bo‘lgan barqaror talabni ko‘rsatmoqda. Ushbu fonda oltin narxi birinchi marta bir unsiya uchun 5500 dollardan oshdi, kumush esa bir unsiya uchun 120 dollarga yaqinlashdi, bu esa investorlarning himoya aktivlariga bo‘lgan qiziqishining kuchayishini aks ettirdi. Ammo Eronda urush boshlanishi fonida oltin va kumush pasayishni boshladi, 3-mart kuni oltin narxi 3 foizga, kumush esa 6 foizga tushib ketdi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar