AQSH prezidenti Donald Tramp Vashingtonda respublikachi qonunchilar uchun o‘tkazilgan Milliy respublika kongressi qo‘mitasining yillik xayriya kechki ovqatida nutq so‘zladi. U o‘z nutqida Eron bilan davom etayotgan qurolli to‘qnashuvni nima uchun “urush” deb atamayotganiga izoh berdi. Bu haqda The Hill xabar berdi.
Urushmi yoki harbiy operatsiya?
Prezidentning tushuntirishicha, “urush” so‘zidan foydalanish huquqiy va siyosiy jihatdan ma’lum qiyinchiliklarni tug‘diradi.
Men “urush” so‘zini ishlatmayman, chunki bu yaxshi emas deb aytishadi. Odamlar “urush” so‘zini yoqtirishmaydi, chunki buning uchun ruxsat olishingiz kerak bo‘ladi. Shuning uchun men “harbiy operatsiya” atamasidan foydalanaman, aslida ham shunday. Bu — harbiy yo‘q qilish, dedi Tramp.
AQSH konstitutsiyasiga ko‘ra, faqat Kongress urush e’lon qilish huquqiga ega. Garchi ko‘plab qonunchilar va hatto Trampning o‘zi ham avvalroq ushbu mojaroga nisbatan “urush” so‘zini qo‘llagan bo‘lsa-da, rasmiy doiralar AQSHni Eron bilan rasman urush holatida emasligini ta’kidlab kelmoqda.
Fevral oyida boshlangan ilk zarbalardan buyon Kongressdagi demokratlar prezidentdan harbiy kuch ishlatish uchun qonun chiqaruvchi organning roziligini olishni talab qilmoqda. Biroq 24-mart kuni Senat demokratlar tomonidan prezidentning vakolatlarini cheklashga qaratilgan navbatdagi urinishni rad etdi.
Faqat bir nafar respublikachi — senator Rend Pol demokratlarni qo‘llab-quvvatladi. Aksincha, demokrat senator Jon Fetterman respublikachilar bilan birga rezolyutsiyaga qarshi ovoz berdi. Bu mart oyi ichida muvaffaqiyatsizlikka uchragan urush vakolatlari bo‘yicha navbatdagi ovoz berish bo‘ldi.
Oq uy va respublikachilarning fikricha, konstitutsiya prezidentga bosh qo‘mondon sifatida Kongress roziligisiz zarba berish huquqini beradi. Demokratlar esa Eron AQSH uchun bevosita xavf tug‘dirayotgani haqida yetarli dalillar yo‘qligini aytib, preventiv (oldini oluvchi) zarbalarning zarurligini shubha ostiga olmoqda.
Tramp o‘z nutqida Yaqin Sharqda Eronga nisbatan olib borilayotgan harakatlar mislsiz ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, har bir prezident Eronning yadroviy qurol yaratishini to‘xtatish uchun shu yo‘ldan borishi kerak edi.
“Agar biz bo‘lmaganimizda, Eron allaqachon yadroviy qurolga ega bo‘lar edi. Butun dunyo o‘lim xavfi ostida qolar, Yaqin Sharqdagi tinchlik istiqbollari butunlay barbod bo‘lar edi. Yaqin Sharqni qo‘ya turing, bizning boshimiz ustida ham qora bulutlar paydo bo‘lgan bo‘lardi”, deya qo‘shimcha qildi AQSH prezidenti.
AQSH va Isroil fevral oyi oxirida Tehronga zarbalar berishni boshlagan edi. Oq uy Eron bilan samarali muloqotlar bo‘lganini aytayotgan bo‘lsa-da, Tehron so‘nggi kunlarda o‘t ochishni to‘xtatish taklifini rad etib kelmoqda.
Trampning Amerika xalqi orasidagi qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatkichi Oq uyga qaytganidan beri eng past nuqtaga — 36 foizga tushib ketdi. O‘tgan haftada 40 foizni tashkil etgan reytingning keskin tushishiga Erondagi urush sabab yonilg‘i narxining ko‘tarilishi va yashash tannarxining oshishi asosiy sabab sifatida ko‘rsatilmoqda.








