AQSH prezidenti Donald Trampning xalq orasidagi qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatkichi Oq uyga qaytganidan beri eng past nuqtaga — 36 foizga tushib ketdi. Bu haqda Reuters/Ipsos o‘tkazgan yangi ijtimoiy so‘rovnoma natijalaridan ma’lum bo‘ldi.


O‘tgan haftada 40 foizni tashkil etgan reytingning keskin tushishiga yonilg‘i narxining ko‘tarilishi va yashash tannarxining oshishi asosiy sabab sifatida ko‘rsatilmoqda. Respondentlarning atigi 25 foizi Trampning narx-navoni jilovlash borasidagi harakatlarini ma’qullagan. Vaholanki, bu masala uning 2024-yilgi saylovoldi kampaniyasining markazida edi.


Amerikaliklarning faqatgina 29 foizi prezidentning iqtisodiy siyosatiga ishonch bildirmoqda. Bu ko‘rsatkich nafaqat Trampning birinchi prezidentlik davridan, balki uning o‘tmishdoshi Jo Baydenning eng past reytingidan ham pastroqdir.
“Ahmoqona urushlar” va Eron
Saylovoldi va’dalarida “ahmoqona urushlar”ga chek qo‘yishni va’da qilgan Tramp bugun o‘zi boshlagan Eron urushi sababli tanqidlar ostida qolmoqda. AQSHning Eronga zarbalarini amerikaliklarning atigi 35 foizi qo‘llab-quvvatlamoqda. So‘rovda qatnashganlarning 61 foizi bu urushga qarshi chiqdi.
Respondentlarning 46 foizi mazkur urush uzoq istiqbolda AQSHni xavfli mamlakatga aylantirishiga ishonadi.
Benzin narxi 
O‘tgan oyda, 28-fevral kuni AQSH va Isroilning Eronga koordinatsiyalashgan hujumlaridan so‘ng, Amerikada benzinning o‘rtacha narxi bir gallon ( 3,7 litr) uchun qariyb 1 dollarga qimmatlashdi. Yaqin Sharqdan neft yetkazib berishning cheklangani butun iqtisodiyotga zarba bermoqda. Hozirda amerikaliklarning 63 foizi mamlakat iqtisodiyotini kuchsiz deb hisoblamoqda.
Tramp o‘z partiyasi ichida hamon kuchli mavqega ega bo‘lsa-da, respublikachilar orasida ham norozilik uchqunlari ko‘rinmoqda. Partiyadoshlarining 34 foizi (o‘tgan haftada 27 foiz edi) prezidentning yashash tannarxi bilan bog‘liq siyosatidan norozi ekanini bildirgan.
Demokratlar tahlilchilari mazkur vaziyatni noyabrda bo‘lib o‘tadigan oraliq saylovlar uchun ulkan imkoniyat deb baholamoqda. Ularning fikricha, milliy xavfsizlik va iqtisodiyot kabi an’anaviy respublikachilar mavzulari endi demokratlar uchun asosiy qurolga aylanishi mumkin.