Daryo

AQSH ittifoqchilari Erondagi urushni qo‘llab-quvvatlashga tayyor emas — OAV

Bu Vashingtonga nisbatan ishonchsizlik bilan bog‘liqligi qayd etilgan.

2 daqiqa o‘qish27 640 ko‘rishlar1 izoh19

Amerika Qo‘shma Shtatlarining Osiyodagi ittifoqchilari Vashingtonga nisbatan ishonchi puchga chiqqani sababli Amerikaning Eronga qarshi harbiy amaliyotini qo‘llab-quvvatlashga tayyor emas. Bu haqda The American Conservative jurnalida e’lon qilingan maqolada aytiladi.

“Vashingtonning (Hormuz bo‘g‘ozida) kemalarga hamrohlik qilish, minalardan tozalash yoki dengizda boshqa turdagi ko‘mak ko‘rsatish missiyalarida bevosita ishtirok etishga undovchi da’vatlariga qaramay, Tokio va Seul ikkilanmoqda. Albatta, Eronga nisbatan ehtiyotkor bo‘lish uchun sabablar ko‘p. Biroq, eng avvalo, o‘zgargan narsa mojaroning mohiyati emas. Bu — Amerika rahbariyatiga bo‘lgan ishonch darajasidir”, deyiladi materialda.

Jurnalning eslatishicha, yigirma yil avval, Iroqdagi urush paytida Yaponiya va Janubiy Koreya ham xuddi shunday dilemmaga duch kelgan. Biroq o‘shanda ular jiddiy ichki va huquqiy cheklovlarga qaramasdan AQSHni qo‘llab-quvvatlashga qaror qilgandi. Muallifning fikricha, farq Vashingtonning o‘z hamkorlari bilan ishlashga qanday yondashganidadir. Kichik Jorj Bush ma’muriyati ittifoqni boshqarishni harbiy sa’y-harakatlarning bir qismi deb bilib, ittifoqchilarga zarur siyosiy himoyani ta’minlagan.

“Bugungi kunda bunday umumiy maqsad hissi yo‘q”, deb yozadi The American Conservative.

AQSH prezidenti Donald Tramp “mamlakatlarni Hormuz bo‘g‘ozi xavfsizligini ta’minlashga yordam berishga chaqirish barobarida, Qo‘shma Shtatlar aslida ularning yordamiga muhtoj emasligi bilan maqtanmoqda”.

Nashrning ta’kidlashicha, ittifoqchi hukumatlar uchun bu Vashington puxta o‘ylangan strategiyaga amal qilyaptimi yoki bir kishining shaxsiy turtkilari ta’sirida harakat qilyaptimi, degan fundamental savolni yuzaga keltirmoqda.

“Aniq maqsadlar — Eron qurolli kuchlarini zaiflashtirish yoki rejimni almashtirish niyati — yo‘qligi mojaroning Yaqin Sharqdagi navbatdagi, chiqish yo‘llari noaniq bo‘lgan urushga tortilishdan xavfsirayotgan Tokio va Seul uchun “siyosiy jihatdan o‘zini oqlamaydigan” ishga aylantirmoqda. Bundan tashqari, Tramp prezidentlik muddatining aksariyat qismida Vashington hatto yaqin hamkorlariga ham iqtisodiy bosim o‘tkazish obyekti sifatida munosabatda bo‘ldi. Bu esa ishonchni yanada susaytirib, hukumatlarning o‘z saylovchilaridan tavakkal qilishni so‘rashiga to‘sqinlik qilmoqda”, deya xulosa qiladi jurnal.

28-fevral kuni AQSH va Isroil Eronga qarshi urush boshladi. Mamlakatning eng yirik shaharlari, jumladan, Tehron ham zarbaga uchradi. Oq uy hujumni go‘yoki Islom respublikasidan kelayotgan raketa va yadroviy tahdidlar bilan oqladi. Eronga berilgan zarbalar oqibatida oliy rahnamo Ali Xomanaiy va mamlakat rahbariyatining boshqa bir qator muhim shaxslari halok bo‘ldi. Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Isroilga hujum qilib, keng ko‘lamli javob amaliyotini e’lon qildi. Shuningdek, AQSHning Bahrayn, Iordaniya, Iroq, Qatar, Kuvayt, BAA, Ummon, Saudiya Arabistoni va Suriyadagi obyektlariga ham zarbalar berildi.

Eronning 21-mart kuni kechqurun Isroilning asosiy yadroviy obyekti joylashgan Dimona hamda Arad shaharlariga bergan raketa zarbalari oqibatida 200 dan ortiq kishi tan jarohati oldi.​

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar