Hindiston o‘z tankerlarini kuzatib borish uchun Hormuz bo‘g‘oziga harbiy kemalar yubormoqda. Bu haqda vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib, Bloomberg xabar berdi.
Harbiy kemalar bo‘g‘ozning sharqiy qismiga joylashtiriladi va uning o‘ziga kirmaydi. Ular kemalarni Arabiston dengizining shimoliy qismidagi xavfsiz suvlargacha kuzatib boradi. Operatsiya savdo kemalarining xavfsizligini ta’minlash va Hindistonning Fors ko‘rfazidagi manfaatlarini himoya qilish uchun 2019-yilda ishga tushirilgan “Sankalp” missiyasi doirasida amalga oshirilmoqda.
So‘nggi kunlarda Hindiston o‘ziga tegishli ikkita suyultirilgan gaz tankerining xavfsiz o‘tishini ta’minladi. Hozirda bir nechta yonilg‘i tashuvchi kemalar o‘tishi bo‘yicha Eron bilan muzokara olib bormoqda. Rasmiylarga ko‘ra, Fors ko‘rfazida Hindiston bayrog‘i ostidagi 22 ta kema bor, jumladan oltita gaz tashuvchi va to‘rtta neft tankeri qolib ketgan. O‘tgan hafta bosh vazir Narendra Modi Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon bilan vaziyatni, jumladan kemalarning erkin harakatini muhokama qilgan.
AQSH prezidenti Donald Tramp boshqa davlatlarni bo‘g‘ozga harbiy kemalar yuborishga chaqirgan, biroq Nyu-Dehli bu murojaatga javob bermagan. Fransiya va Germaniya kabi qator ittifoqchilar ham bu taklifni rad etib, mojaroga aralashmaslik pozitsiyasini bildirgan. Tramp qarorni “juda ahmoqona xato” deb atagan va AQSHning NATOga keyingi a’zoligi haqida “o‘ylab ko‘rish” kerakligini aytgan.
Hormuz bo‘g‘ozi fevral oyi oxirida AQSH va Isroil Eronga qarshi hujumlarni boshlaganidan beri amalda yopilgan. Bo‘g‘oz orqali jahon neft ta’minotining qariyb 20 foizi o‘tadi va uning to‘sib qo‘yilishi Yaqin Sharqdan suyultirilgan gaz importining qariyb 90 foizini oladigan Hindistonda o‘tkir gaz tanqisligiga olib keldi.








