AQSH Yaqin Sharqdagi operatsiyalarni kuchaytirish uchun minglab amerikalik harbiylarni mintaqaga yuborish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda AQSH rasmiysi va mavzudan xabardor uch manbaga tayanib, Reuters xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, AQSH harbiylari Eronga qarshi urushning navbatdagi bosqichlariga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Eron bilan urush uch haftadan beri davom etmoqda. AQSH harbiylari Trampga operatsiyalarni kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar berishi mumkin.
Variantlardan biri neft tankerlarining Hormuz bo‘g‘ozi orqali xavfsiz o‘tishini ta’minlashdan iborat. Bu asosan havo va dengiz kuchlari orqali amalga oshiriladi. To‘rtta manba, jumladan ikki nafar AQSH rasmiysi, bo‘g‘oz xavfsizligini ta’minlash uchun qo‘shinlar Eron sohillariga joylashtirilishi mumkinligini aytmoqda. Manbalar harbiy rejalashtirish haqida gapirgani uchun shaxsi sir qolishni ma’qul ko‘rgan.
Shuningdek, Tramp ma’muriyati Eron neft eksportining qariyb 90 foizi amalga oshiriladigan Xarg oroliga quruqlik qo‘shinlarini yuborish variantini ham muhokama qilgan. Rasmiylardan biri bunday operatsiya juda xavfli bo‘lishini ta’kidlagan.
AQSH 13-mart kuni Xarg orolidagi harbiy nishonlarga zarba bergan edi. O‘shanda Tramp muhim neft infratuzilmasiga ham hujum qilish bilan tahdid qilgan. Biroq harbiy ekspertlar fikricha, Eron iqtisodiyoti uchun muhim bo‘lgan bu orolni yo‘q qilishdan ko‘ra, uni nazoratga olish ma’qulroq variant hisoblanadi.
AQSH quruqlik qo‘shinlaridan foydalanish — hatto cheklangan missiya doirasida ham — Tramp uchun siyosiy xavf tug‘dirishi mumkin. Chunki amerikaliklar orasida Eron bilan urushni qo‘llab-quvvatlash darajasi past, Tramp esa saylovoldi kampaniyasida Yaqin Sharqda yangi mojarolarga aralashmaslikka va’da bergan.
Shuningdek, ma’muriyat Eronning yuqori darajada boyitilgan uran zaxiralarini nazoratga olish uchun AQSH kuchlarini joylashtirish imkoniyatini ham muhokama qilgan. Biroq manbalar yaqin vaqt ichida Eron hududiga quruqlik qo‘shinlari yuborilishi kutilmayotganini aytdi. Shu bilan birga, ekspertlar bunday operatsiya hatto maxsus kuchlar uchun ham juda murakkab va xavfli bo‘lishini ta’kidlaydi.
Hozircha quruqlikdagi qo‘shinlarni yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilinmagan, biroq Prezident Tramp oqilona yo‘l tutib, barcha imkoniyatlarni o‘z ixtiyorida saqlab qolmoqda.
Prezident “Epik g‘azab” amaliyotining barcha belgilangan maqsadlariga erishishga e’tibor qaratmoqda: Eronning ballistik raketa salohiyatini yo‘q qilish, uning harbiy-dengiz flotini yakson etish, uning terrorchi vositachilari mintaqani beqarorlashtira olmasligini ta’minlash va Eron hech qachon yadro quroliga ega bo‘lmasligini kafolatlash, dedi Oq uy rasmiysi ismini oshkor qilmaslik sharti bilan.








