Daryo

Putinning Sochidagi qarorgohi atrofida “yopiq zona” tashkil etiladi

Federal qoʻriqlash xizmati Rossiya prezident qarorgohini himoya qilishni kuchaytiradi. Majmua atrofida 3 kilometrlik yopiq hudud tashkil etiladi. Putin Ukrainaning dron hujumlari xavfi sabab Sochidagi qarorgohiga kelmay qoʻygandi.

2 daqiqa o‘qish4 590 ko‘rishlar0 izoh3

Rossiya Federal qo‘riqlash xizmati prezident Vladimir Putinning Sochidagi “Bocharov ruchey” qarorgohini himoya qilishni kuchaytiradi. Bu haqda tegishli loyiha bilan tanishib chiqqan “Agentstvo” nashri xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga koʻra, Rossiya rahbari Ukrainaning dron hujumlari xavfi sababli qarorgohga deyarli bormay qoʻygan. Endilikda majmua atrofida 3 kilometr kvadrat maydonni egallovchi qo‘riqlanadigan zona tashkil etiladi. Uning chegaralari ham quruqlikdan, ham dengizdan o‘tadi.

Zona ichida dronlardan, “tashqi ko‘rinishi qurolga o‘xshash” buyumlardan foydalanish, osma bannerlar oʻrnatish, vertolyot maydonchalari, tir xonalar, peyntbol va straykbol klublarini qurish man etiladi. Bundan tashqari, ushbu hududda hayvonlarni ko‘paytirish, avtomobillar, motosikllarni ta’mirlash va chiqindi poligonlarini tashkil etish ham mumkin emas. Qo‘riqlanadigan zonada suv transporti uchun faqat bitta langar to‘xtash joyi qoldiriladi.

“Bocharov ruchey” qarorgohi turar joy binolari, sanatoriylar va plyajlar bilan o‘ralgan. Loyihaga koʻra, Federal qoʻriqlash xizmati ushbu hududda yashovchi aholining huquqlari cheklanishidan ko‘rilgan zararni qoplashi kerak.

“Proyekt” nashri Sochidagi qarorgoh Putinning sevimli joylaridan biri ekanini ma’lum qildi. Urushgacha u bu yerda yiliga taxminan bir oy, asosan, sentyabr—noyabr oylarida bo‘lgan.

“Putin har may oyida ikki o‘g‘lining onasi — gimnastikachi Alina Kabayevaning tug‘ilgan kunini shu joyda nishonlashga odatlangan edi”, deyiladi xabarda.

​

Biroq 2023-yildan boshlab dronlar Sochiga uchib kela boshlagach, Putin janubga safarlarini keskin qisqartirdi. Prezidentning tanishi nashrga u o‘z hayoti uchun qo‘rqa boshlaganini aytgan. Putin oxirgi marta 2025-yilning kuzida Sochiga tashrif buyurgan edi. 2026-yil boshidan beri Ukraina Qurolli kuchlari shaharga hujumlar sonini oshirdi.

2023-2025-yillarda Moskva yaqinidagi Novo Ogarevo, Kaliningrad viloyati va Valdaydagi Putin qarorgohlari atrofida qo‘riqlanadigan hududlar chegaralari belgilandi. Ikkinchisi yaqinida 12 ta “Pansiri-S1” havo hujumidan mudofaa majmuasi joylashtirildi. “Dosye” markazi ma’lumotlariga ko‘ra, Kabayeva yilning ko‘p qismini bolalari bilan Valdaydagi qarorgohida o‘tkazadi.

Avvalroq Rossiya bo‘ylab parvozlar chog‘ida Putinning samolyotiga Su-30SM qiruvchi samolyoti hamrohlik qila boshlagani ma’lum qilingandi. Shuningdek, ikki amaldor va Kremlga yaqin manbaning The Moscow Times nashriga aytishicha, prezident maxsus xizmatlar tavsiyasiga ko‘ra ochiq havoda o‘tkaziladigan ommaviy tadbirlarda bronjilet kiyishni boshlagan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar