Eronning yangi oliy rahnamosi Mojtaba Xomanaiy sog‘lig‘i va xavfsizligi bilan bog‘liq muammolar tufayli Rossiya harbiy samolyotida Moskvaga olib ketilgan. Bu haqda Xomanaiyga yaqin yuqori martabali manba Kuvaytning Al Jarida gazetasiga ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Xomanaiy maxfiy operatsiya orqali Moskvaga olib ketilgan. U Rossiyaga yetib borgach jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. Hozirda Eron oliy rahnamosi prezident Vladimir Putinning qarorgohlaridan biridagi xususiy kasalxonada davolanmoqda.
Mojtaba 28-fevral kuni AQSH va Isroilning Eronga qilingan dastlabki hujumlari vaqtida tan jarohati olgan. Manbalarga ko‘ra, Eronning yangi oliy rahnamosida oyoq sinishi va yuzida lat yeyish kuzatilgan. Mojtaba uchun qattiq tibbiy nazorat va maxsus kuzatuv talab etilgan. Isroil yangi oliy rahnamoni oʻldirishni rejalashtirgani sababli Mojtabani Eronda yetarli tibbiy sharoit bilan ta’minlash qiyin bo‘lgan.
Eron xavfsizlik idoralari Xomanaiy qayerda ekani haqidagi ma’lumotlar uni davolayotgan shifokorlar va mutaxassislarni kuzatish orqali oshkor bo‘lishidan xavotirlangan. Shu sababli Eronning yangi oliy rahnamosini Rossiyada davolashga kelishilgan.
“Rossiya prezidenti Vladimir Putinning o‘zi o‘tgan hafta eronlik hamkasbi Mas’ud Pezeshkiyon bilan bo‘lgan suhbatida Mojtabani Rossiyada davolashni taklif qilgan”, deydi manba.
Eron rasmiylari Rossiya taklifini sinchkovlik bilan ko‘rib chiqib, buni ma’qullagan.
“Mojtaba haqiqatan ham o‘tgan hafta kechqurun u yerga ko‘chirildi, u rossiyalik shifokorlar va unga hamrohlik qilayotgan bir qator eronlik shifokorlar bilan davolanmoqda”, dedi manba.
Eron oliy rahnamosi Mojtaba Xomanaiy 12-mart kuni yangi lavozimiga tayinlanganidan keyin ilk bor rasmiy bayonot bergandi. Eronlik manba Al Jarida gazetasiga bu bayonot aslida Eron Milliy xavfsizlik kengashi kotibi Ali Larijoniy tomonidan yozilgan bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Uning ta’kidlashicha, bayonot Larijoniyning nutqdan oldin qilgan bir nechta bayonotlariga mos keladi.
Mojtaba Xomanaiy, ehtimol, bu bayonotdan hatto xabardor ham bo‘lmagan. Oliy rahnamoning jamoatchilik oldida ko‘rinmagani va audioyozuvining yo‘qligi bu shubhalarni kuchaytirmoqda. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Mojtabaning qayerdaligi va ahvoli haqida ma’lumotga ega ekanliklarini, biroq uni oshkor qilishni istamasliklarini aytgandi.
Al Jarida 4-mart kuni Mojtaba hujumlar oqibatida tanasining chap qismi boshidan to oyoq barmoqlarigacha jarohat olganini birinchilardan bo‘lib ma’lum qilgan. Isroil razvedkasi Mojtabaning jarohati kutilganidan ancha og‘ir bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
AQSH va Isroil hujumlari oqibatida 28-fevral kuni Mojtabaning otasi, Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy halok bo‘ldi. Mazkur hujumda Ali Xomanaiydan tashqari uning qizi, kuyovi, kelini va nabirasi ham oʻldi. Qarorgohga qilingan hujum oqibatida dastlab Oyatullohning rafiqasi halok bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgandi. Bir necha kundan so‘ng Eronning Fars agentligi bu ma’lumot noto‘g‘ri bo‘lganini aytib, Mansura Xo‘jaste Bag‘irzoda tirik ekanini ta’kidladi. Hozirda Eronning yangi oliy rahnamosi Ali Xomanaiyning o‘g‘li Mojtaba Xomanaiy hisoblanadi. AQSH prezidenti Donald Tramp uning tirik ekaniga shubha bildirgan.








