Daryo

Hafta mavzusi: “Barselona”dagi saylovlar va Xavining chiqishi haqida

Haftada eng ko‘p muhokama qilingan mavzulardan biri “Barselona”ning yaqin o‘tmishi, aniqrog‘i, Xavining intervyusi, u yerda tilga olingan ba’zi pardaorti voqealari bo‘ldi. Bu tabiiy, zero ertaga Kataloniyada klub prezidentligiga navbatdagi saylovlar bo‘lib o‘tadi. Saylov oldidan — “Daryo” kolumnisti Qahramon Aslanov tahlili.

8 daqiqa o‘qish10 069 ko‘rishlar1 izoh35

Haftada eng ko‘p muhokama qilingan mavzulardan biri “Barselona”ning yaqin o‘tmishi, aniqrog‘i, Xavining intervyusi, u yerda tilga olingan ba’zi pardaorti voqealari bo‘ldi. Bu tabiiy, zero ertaga Kataloniyada klub prezidentligiga navbatdagi saylovlar bo‘lib o‘tadi.

Ha, xato o‘qimadingiz, “Barselona” boshqaruvi, xuddi “Real” kabi, biz bilgan aksariyat klublarnikidan farq qiladi – klub egasi “sosyos”, ya’ni alohida ro‘yxatdan o‘tgan muxlislar jamiyati hisoblanadi. “Barselona” go‘yoki bir demokratik davlat bo‘lib, unda boshqaruvchi, ya’ni prezident saylov yo‘li bilan aniqlanadi. Ovoz berishga rasman haqqi bo‘lgan a’zolar 100 mingdan ko‘proq  va ular yashirin ovoz berish yo‘li bilan 15-mart kuni yangi prezidentni saylaydi.

Klubning amaldagi prezidenti Joan Laporta bir necha yil avval kelgusi muddatga o‘z nomzodini qo‘ymasligini, ya’ni hech qachon Maduro yoki Putindek qolmasligini aytgan bo‘lsa-da, hozir fikrini o‘zgartirgan va bo‘lajak saylovda ham o‘z nomzodini qo‘yishga qaror qilgan.

Foto: FCBarcelona.com

Uning asosiy, ayni paytda yagona raqibi esa Viktor Font hisoblanadi va Xavining intervyusining ortida ham aynan ushbu funksioner turgani shubhasiz. Anchadan beri Xavi klub prezidentligiga Fontni quvvatlab keladi – “Barselona” tarixidagi eng yorqin davr ishtirokchilaridan biri, shuningdek, murabbiy sifatida jamoani Ispaniya chempioniga aylantirgan shaxsiyat, shu bilan birga uning Laporta bilan birga ishlagani ham e’tiborga olinsa, muxlislar uchun ancha salmoqli ovoz egasi hisoblanadi. So‘nggi faktor, ya’ni Xavining Laporta bilan ishlagani urg‘uni Fontning saylovoldi dasturidan ham ko‘ra, Laportaning obro‘sizlantirishga qaratilayotganida qo‘l keladi, albatta. Bunga hali qaytamiz.

Viktor Font o‘z saylovoldi dasturi markaziga Leo Messini qo‘ymoqda. “Inter Mayami”da faoliyatini yakunlayotgan Messi “Barselona” boshqaruvidagi muhim pozitsiyani egallashi kerak, hatto futbolchi sifatida ham qaytishi mumkinligiga ishoralar bor. Yana, saylov kampaniyasida Font Erling Xolandni olib kelishi mumkinligi haqida ishoralar bor. Xolandning agenti bunday ehtimol borligini inkor etgan bo‘lsa-da, Fontning jamoasi muzokaralar futbolchi bilan emas, “Manchester Siti” bilan bo‘lganini ta’kidlayapti.

Foto: Sportingpedia.com

Shuningdek, asosan tanish-bilishlar, Deku yoki Laportaning hissiyotlari ko‘p narsani hal qiladigan joriy boshqaruvdan farqli ravishda, Font ancha ilmiy, zamonaviy strukturani olib kelmoqchi ekan. Tanish-bilish mavzusiga ham hali qaytamiz.

Aynan Messiga oid qism Xavining intervyusida ham muhim o‘rin egalladi va dastlabki kunlardan bosh sarlavhalaridan o‘rin oldi. Xavining aytishicha, 2023-yilning boshida, Qatardagi Jahon chempionati yakunlangach, Messi “Barselona”ga qaytishga rozi bo‘lgan, bu masala hatto La Liga darajasida ham hal qilingan, ammo yakunda aynan Joan Laporta bunga to‘sqinlik qilgan. Prezident Messining qaytishi klubdagi maoshlar strukturasiga jiddiy ta’sir qilishidan xavotirda ekanini aytib, loyihaning davom etishiga yo‘l qo‘ymagan ekan. Messining ashaddiy muxlisi bo‘lgan, bir necha yil oldin uning klubni tark etishini juda og‘ir qabul qilgan yaxshigina miqdor uchun Laportani o‘chirishga yetarli sabab.

To‘g‘ri, bu ma’lumotga Joan Laporta ham, La Liga prezidenti Tebas ham raddiya berdi – Messining qaytishni xohlagani yolg‘on, Liga ham bu borada hech qanday ma’lumot olmagan. Qizig‘i, agar Xavining uch yil avvalgi, jamoa murabbiyi sifatidagi intervyusiga qarasangiz ham o‘zini inkor qiladi. O‘shanda Xavi Messining agenti, ya’ni otasi futbolchining “Barselona” emas, AQSH variantini tanlaganini ma’lum qilganini matbuot anjumanlaridan birida aytgandi.

Foto: 101GreatGoals.com

Xavining asosiy e’tirozlari uning murabbiylik davridagi voqealar bilan ham bog‘liq. Uning aytishicha, klubni Laporta emas, aslida Alexandro Echevarriya boshqaradi. Boyagi tanish-bilish mavzusiga bir misol, Echevarriya — Laportaning birinchi rafiqasining akasi. Farazlarga ko‘ra, Laportaning uylanishi ham bu oilaning ta’sir doirasidan foydalanishga qaratilgan edi. Echavarriyalar oilasi to Franko zamonidan beri Kataloniyadagi elita oilalardan sanaladi. Bunga ham hali qaytamiz.

So‘nggi mavsumida Xavi iste’fo bermoqchi bo‘lgani, keyin esa Laporta uning fikrini o‘zgartirib, olib qolib, bir oy o‘tib iste’foga chiqarganini eslasangiz kerak. Xavi bu borada ham asosiy rolni aynan Alexandro bajarganini aytdi. Murabbiy ketish qarorini olgach, Laporta uni kechki ovqatga taklif qilib, “o‘laman sattor, ketma”, deb turib oladi. O‘z loyihasini faqat Xavi bilan tasavvur qilishini, klubning 125 yillik yubileyini ham birga o‘tkazish niyati borligini aytgach, tabiiyki, Xavi erib, fikrini o‘zgartiradi va ertasiga hech qayerga ketmasligini ommaga oshkor qiladi.

Foto: BarcaBlaugranes.com

Ammo keyinroq mashg‘ulotlarga tashrif buyurgan Echavarriya jamoaning jismoniy holatini tanqid qila boshlaydi. Xavi bu ayblov haqiqatdan yiroqligini, jamoa chempionlik mavsumida 2003 yilgi ko‘rsatkichlardan buyon eng ko‘p yugurganini ta’kidlash bilan birga so‘raydi: “Sizning klubdagi lavozimizingiz nima o‘zi?”.

Ko‘pchilik aynan shu suhbatdan keyin ziddiyat boshlanganini aytadi. Echavarriya Xavi va jamoa o‘rtasidagi munosabatlarga halaqit berishni boshlagan. Xususan, u media orqali Xavi bir necha futbolchidan qutulmoqchi ekani haqida xabarlar sizdirishni boshlaydi. Murabbiyning aytishicha, shundoq ham moliyaviy muammolar girdobida bo‘lgan klubning ko‘p futbolchilardan ayrilishi imkonsiz edi.

- Ayniqsa, Serjio Roberto bilan suhbatimiz og‘ir bo‘lgandi, - deb eslaydi Xavi, - u mendan “ketishimni istaysanmi?” deb so‘radi. Men inkor qildim. Echavarriya unga va yana Rafinya, Pedri, Arauxo kabi futbolchilarga ulardan qutulmoqchi bo‘layotganimni aytgan. Aslida bu yolg‘on edi. Axir o‘z vaqtida uzoq vaqt jamoadoshim bo‘lgan Pikega, yaqin do‘stim Albaga ketish vaqti kelganini yuziga aytganman. Bundan chekinmaganman. Jamoaning o‘z muhiti va qoidalari bor, ularni buzishni boshlasang, uni yo‘qotasan. Echavarriya juda ko‘p yolg‘on aralashtirdi, hozir ham aldashda davom etyapti, shuning uchun bu intervyuni berishga qaror qildim.

​ Yuqorida Echavarriya oilasining Franko davriga aloqasi haqida yozgandik. Saylovoldi debatlarda Laportaning zarariga ishlayotgan mavzu ham shu – Alexandro Echavarriyaning o‘tmishda “frankochi” bo‘lgani. General Frankoni aksariyat futbol muxlislari asosan “Real” va “Barselona” raqobatida madridliklarni quvvatlaganini biladi, lekin aslida bu munosabat ancha chuqurroq va nafratning kurtaklari maydondagi nohaqliklar emas, qonli voqealarga taqaladi.
Foto: Ysscores.com

O‘tgan asrning 30-yillarida Kataloniya Ispaniyaning eng rivojlangan va boy xududlaridan biri bo‘lib, mustaqillik harakatlari ham ancha faol bo‘lgan. Birodarkushlik urushida asosan demokratlarni quvvatlagan kataloniyaliklardan millatchilar lideri va urush yakunida hokimiyatni o‘z qo‘liga olgan Franko uzoq yillar qasos oldi. Katalon tilining rasmiy xujjatlarda, maktablarda taqiqlanishi, muxtoriyat maqomining bekor qilinishi, katalon ramzlarining ta’qib qilinishi va qatag‘onlar Franko diktaturasi davrida, ya’ni qariyb qirq yil davom etdi. Generalning vafotidan keyingina avtonomiya tiklandi, Kataloniya o‘z parlamentiga ega bo‘ldi.

“Barselona” tom ma’noda Kataloniya madaniyatining ramzi hisoblangan bu hududda, ayniqsa, “Barselona” klubida Frankoga nisbatan munosabat o‘ta keskin bo‘lishi tabiiy. Laporta esa Echavarriyaning “frankochi” o‘tmishiga e’tiroz qilmadi:

— Biz hech qanday masalada sektant emasmiz, — dedi Joan Laporta Echavarriyaning “frankochi” qarashlari uning klubda ishlashiga zidligi haqidagi savollarga javoban. – Biz har qanday qarashni qabul qilamiz, har kimning fikri o‘ziga va biz bu borada unga bosim o‘tkazmaymiz. Biz uchun eng muhimi — Alexandro “Barselona”ni yaxshi ko‘radi, “Barselona”ni himoya qiladi va “Barselona” nima ekanini juda yaxshi biladi. Shuning uchun siz aytgan fakt meni bezovta qilmaydi.

​Bunday javob Kataloniyada u qadar xush kutib olinmasligi, saylovlarda ham zarar yetkazishi mumkinligi shubhasiz. Ayni paytda “Barselona” balkim so‘nggi o‘n yillikdagi eng kuchli davrga chiqqani va bunda Laportaning ham mehnati katta ekanini e’tiborga olsak, mabodo u saylovda yutqazadigan bo‘lsa, boshqaruvdagi faoliyati emas, mana shunday keraksiz bayonotlari sababli bo‘ladi. Axir Laporta bemalol bu mavzuni chetlab o‘tishi, umuman fikr bildirmasligi ham mumkin edi va siyosiy jihatdan bu samaraliroq ham bo‘lardi.

Rostan ham Joan Laportaning menejer sifatida yutuqlarini inkor etib bo‘lmaydi. Klubning asrimizdagi barcha muvaffaqiyatli davrlari aynan Laporta va uning boshida ko‘pchilik uchun tushunarsiz bo‘lgan qarorlari, aqlbovar qilmas hislari bilan bog‘liq. Frank Raykard va Ronaldinyoni olib kelib, asr boshidagi inqirozli klubni Chempionlar Ligasi g‘olibiga aylantirgan ham, ko‘pchilik qarshi bo‘lsa-da, Pep Gvardiola nomzodida to‘xtalib, oqibatda futbol tarixidagi eng muvaffaqiyatli loyihani boshlagan ham aynan Laporta.

Xavi iste’foga chiqarilganda, bu qaror katta xato ekanini, klub undan yaxshisini topishi mumkinligiga hech kim ishonmasdi. Lekin aynan Laporta Xansi Flikni “Barselona”ga kelishga ko‘ndirdi. Ko‘rib turganimizdek, ayni paytda jamoa o‘zi qatnashayotgan barcha musobaqalarda favoritlar qatorida tilga olinmoqda va, bemalol aytish mumkinki, Xavi davriga nisbatan yuqoriroq bosqichga chiqa oldi. Qisman avvalgi boshqaruv xatolari oqibatida paydo bo‘lgan katta moliyaviy inqiroz davrida, futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish o‘ta qiyin sharoitda ham “Barselona” tarkibining bu qadar raqobatbardosh bo‘lib qolayotganida, tabiiyki, prezidentning hissasi katta.

Foto: Getty Images

Eng muhimi, mana shunday shartlarda ham u Flik bilan bir jamoa bo‘la olayotgani. Jarohatlar, yo‘qotishlar, kerakli transferlarning yo‘qligi, shu bilan birga barcha turnirlarda g‘olib chiqish bosimi ostida ham germaniyalik murabbiy hali biror marta o‘z noroziligini bildirmadi. Murabbiyning Laporta bilan “bir qayiqda ekani”ni sezish qiyin emas va saylov kampaniyasida prezidentning asosiy kuziri ham aynan Flik bo‘lib turibdi. Hatto Laporta “cho‘ntak media”lari yordamida mabodo Font klub boshqaruviga kelsa, Xansi Flik jamoani tark etishi haqidagi xabarlarni sizdirmoqda. Bunga javoban Font darhol raddiyalar berdi va u ham Flik bilan ishlashni xohlashini aytdi.

Eng qizig‘i ham shu. Atrofdagi gap-so‘zlar, moliyaviy muammolar, bosimlar qancha bo‘lsa ham, ayni damda prezidentlikka nomzodlarni jalb qilayotgan asosiy boylik shu – Flik va uning jamoasi. “Barselona”ning o‘yin uslubi, barqaror natijalari va ulkan salohiyati, tabiiyki, har qanday boshqaruvchini o‘ziga jalb qiladi. Hech qanday olamshumul g‘oyalarsiz, hatto ba’zi xatolar bilan ham muvaffaqiyatli jamoaning bir qismi bo‘lish imkoniyati ularga tinchlik bermaydi. “La Masiya”dan chiqayotgan iqtidorli yoshlar bu vazifani yildan yilga yanada osonlashtiradi.

Mavzuni “Barselona”ni demokratik davlatga qiyoslash bilan boshlagandik. Lekin tilga olingan voqealar, atrofdagi mana shunday kurashlar, ziddiyatlar ostida jamoa muvaffaqiyatli bo‘lib, chiroyli o‘yinlari orqali butun dunyodagi fanbazasini saqlab qolib, dunyoning eng daromadli klublaridan biri bo‘lib qolayotgani chinakam mo‘jizadir.

“Barselona” rostan ham davlatga o‘xshaydi. Yomon shartlarda ham mehnatkash va sadoqatli xalqi, iqtidorli yoshlari, tabiiy boyliklari bilan umid beraveradigan.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar