Daryo

YCHL. “Bavariya” “Chelsi”dan, “Liverpul” “Atletiko”dan ustun keldi. “PSJ” “Atalanta”ni tor-mor etdi (video)

UEFA Chempionlar Ligasi 1-turidan o‘rin olgan 6 ta uchrashuv 17-sentyabr, chorshanba kuni bo‘lib o‘tdi.

2 daqiqa o‘qish1 330 ko‘rishlar0 izoh0

UEFA Chempionlar Ligasi 1-turidan o‘rin olgan 6 ta uchrashuv 17-sentyabr, chorshanba kuni bo‘lib o‘tdi. 

Angliyaning “Liverpul” klubi “Atletiko Madrid”ni qabul qilib, 3:2 hisobida g‘alaba qozondi. Hisob 4-daqiqada Endryu Robertson tomonidan ochilgan bo‘lsa, oradan ikki daqiqa o‘tib, Muhammad Saloh mersisaydliklarning ikkinchi goliga mualliflik qildi. Birinchi bo‘lim yakunida esa Markos Lyorente javob golini kiritdi. 

81-daqiqada Markos ikkinchi marta “Liverpul” darvozasiga yo‘l topishni uddaladi. O‘yin yakuni arafasida esa “Liverpul” himoyachisi Virjil Van Deyk katta sahnaga chiqdi. Dominik Soboslaining uzatmasini niderlandiyalik himoyachi golga aylantirib, jamoasiga muhim g‘alabani taqdim etdi.

UEFA Chempionlar Ligasi

1-tur

17-sentyabr, chorshanba

“Liverpul” — “Atletiko” 3:2Gollar: 1:0 — Robertson (4), 2:0 — Saloh (6), 2:1 — Lyorente (45+3), 2:2 — Lyorente (81), 3:2 — Van Deyk (90+2).

Kunning yana bir markaziy uchrashuvi Myunxenda bo‘lib o‘tdi. Unda “Bavariya” klubi “Chelsi”ni qabul qilib, 3:1 hisobida zafar quchdi. 

Uchrashuvdagi dastlabki gol 20-daqiqada kiritildi. Trevo Chaloba avtogol muallifiga aylandi va myunxenliklarni hisobda oldinga chiqib olishini ta’minladi. 27-daqiqada Harri Keyn “Bavariya”ning ikkinchi golini raqib darvozasiga yo‘lladi. Oradan ikki daqiqa o‘tib, Koul Palmer londonliklarning javob golini kiritdi. Ikkinchi bo‘limda “nemis mashinasi” 3-marta “Chelsi” posbonini xafa qildi. Harri Keyn dubl muallifiga aylanib, jamoasiga muhim g‘alaba taqdim etdi.

“Bavariya” — “Chelsi” 3:1Gollar: 1:0 — Chaloba (20, avtogol), 2:0 — Keyn (27), 2:1 — Palmer (29), 3:1 — Keyn (63).

Musobaqaning amaldagi g‘olibi “PSJ” o‘z maydonida Italiyaning “Atalanta” klubini qabul qilib, javobsiz 4 ta gol kiritdi. Uchrashuvda tezkor gol kiritildi. Markinyos 3-daqiqadayoq bergamoliklar darvozasiga yo‘l topdi. 39-daqiqaga kelib, Xvicha Kvaratsxeliya oradagi farqni ikkitaga oshirib qo‘ydi. 

Ikkinchi bo‘limning boshida Nunu Mendesh tablodagi natijani yirik ko‘rinishga keltirgan bo‘lsa, 90+1-daqiqada Gonsalu Ramush parijliklarning 4-goli muallifiga aylandi. Shu tariqa amaldagi chempionlar yangi mavsumni yirik hisobdagi g‘alaba bilan boshladi. 

“PSJ” — “Atalanta” 4:0Gollar: 1:0 — Markinyos (3), 2:0 — Kvaratsxeliya (39), 3:0 — Mendesh (51), 4:0 — Ramush (90+1).

Milanning “Inter” klubi Amsterdamga safar uyushtirib, “Ayaks” ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozonib, ortga qaytdi. O‘yindagi har ikki golga ham Markus Tyuram mualliflik qildi. Fransiyalik hujumchi 42-daqiqada birinchi golini kiritgan bo‘lsa, ikkinchi bo‘lim boshida o‘zining dublini rasmiylashtirdi. 

“Ayaks” — “Inter” 0:2

Gollar: 0:1 — Tyuram (42), 0:2 — Tyuram (47).

Gretsiyaning “Olimpiakos” klubi o‘z maydonida Kiprning “Pafos” jamoasini qabul qildi. Qiziqarli va keskin kurashlar ostida o‘tgan bahsda darvozalar ishg‘ol qilinmadi.

“Olimpiakos” — “Pafos” 0:0

Chexiyaning “Slaviya Praga” klubi o‘z maydonida Norvegiyaning “Budyo/Glimt” klubini qabul qilib, 2:2 hisobida durang o‘ynadi. 

O‘yindagi hisob 23-daqiqada maydon egalari himoyachisi Yusuf Mboji tomonidan ochildi. 74-daqiqaga kelib, Mboji ikkinchi marta norvegiyaliklar posbonini xafa qildi. Oradan 4 daqiqa o‘tib, “Budyo/Glimt” hisobni qisqartirdi. Gol muallifi — Daniel Bassi. 90-daqiqada esa Sondre Fet ikkinchi marta pragaliklar darvozasiga yo‘l topib, o‘yinni 2:2 ko‘rinishida yakunlanishini ta’minladi. 

“Slaviya Praga” — “Budyo/Glimt” 2:2 Gollar: 1:0 — Mboji (23), 2:0 — Mboji (74), 2:1 — Bassi (78), 2:2 — Fet (90).

 

Qashqadaryo viloyatidanman. O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Bosma OAV fakulteti, Sport jurnalistikasi yo‘nalishini tugatganman. “Daryo”da 2025-yilning mart oyidan beri ishlayman va xabarlar hamda tahliliy maqolalar yozaman. Har yili Qozog‘istonning “Hokim” kinosini kamida bir marta ko‘raman. Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasini sevib o‘qiyman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar