AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Eron bilan urushning dastlabki olti kunida mamlakat byudjetidan kamida 11,3 milliard dollar sarfladi. Bu haqda Kongressdagi brifing tafsilotlaridan xabardor manba ma’lum qildi.
Seshanba, 10-mart kuni senatorlar uchun yopiq eshiklar ortida o‘tkazilgan brifingda keltirilgan bu raqam urushning umumiy qiymatini to‘liq aks ettirmaydi. Biroq qonunchilar mojaroga doir batafsil ma’lumot talab qilayotgan bir paytda bu ilk rasmiy hisob-kitob bo‘ldi.
Kongressdagi bir necha manbalarning so‘zlariga ko‘ra, Oq uy yaqin orada urushni moliyalashtirish uchun qo‘shimcha mablag‘ so‘rab murojaat qilishi kutilmoqda. Ba’zi rasmiylar bu so‘rov 50 milliard dollarni tashkil etishini aytayotgan bo‘lsa, boshqalar hatto bundan ham ko‘p miqdorni taxmin qilmoqda.
“Biz g‘alaba qozondik, lekin jangni davom ettiramiz”
Hozircha ma’muriyat mojaro xarajatlari yoki uning davomiyligi bo‘yicha ochiq hisobot bermadi. Kentukki shtatiga 11-mart kuni safar qilgan Tramp AQSH urushda g‘alaba qozonganini, ammo ishni oxiriga yetkazish uchun jang maydonida qolishini ta’kidladi.
Eronga qarshi urush 28-fevral kuni AQSH va Isroilning havo hujumlari bilan boshlangan edi. Shu kunga qadar mojaro oqibatida 2000 ga yaqin kishi (asosan eronlik va livanliklar) halok bo‘ldi. Urush Livan hududiga ham yoyilib, jahon energiya bozorlari va transport tizimini tartibsizlikka yetakladi. Neft narxi 100 dollardan oshib ketdi.
Ayni paytda Eron rasmiylari amerikalik va isroilliklarni ogohlantirib, neft narxi 200 dollarga ko‘tarilishini prognoz qildi.
O‘q-dori taqchilligi va mudofaa sanoati
Brifingda ochiqlangan yana bir raqam diqqatni tortadi: hujumlarning dastlabki ikki kunida 5,6 milliard dollarlik o‘q-dorilar ishlatilgan.
Kongress a’zolari urush sabab AQSH harbiy zaxiralari tugashidan xavotirda. Chunki mamlakat mudofaa sanoati hozirda mavjud talabni qondirishga qiynalmoqda. O‘tgan haftada Tramp Pentagonga qurol-yarog‘ zaxiralarini to‘ldirishda yordam berish masalasida yetti nafar yirik harbiy pudratchi rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazgan.
Kongressdagi demokratlar respublikachi prezident ma’muriyatidan qasamyod ostida ko‘rsatma berishni talab qilmoqda. Ular urush rejasi, janglar qancha davom etishi va harbiy harakatlar to‘xtagach, Eron bo‘yicha qanday strategiya amalga oshirilishi borasida aniqlik kiritilishini istamoqda.








