AQSH terma jamoasi bosh murabbiyi Maurisio Pochettino kelasi mavsumdan boshlab “Real Madrid”ni boshqarishi mumkin bo‘lgan asosiy nomzodlardan biri sifatida ko‘rilmoqda. Bu haqda ESPN nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Madrid klubi yozgi transfer oynasi arafasida murabbiylar bozorini o‘rganishni boshlagan. Kutilayotgan tarkibiy o‘zgarishlar nafaqat murabbiylar shtabiga, balki transfer siyosati uchun mas’ul bo‘lgan bir qator rahbarlarning kelajagiga ham ta’sir qilishi mumkin.
“Real Madrid” 12-yanvar kuni Xabi Alonso o‘rniga Alvaro Arbeloa tayinlanganini e’lon qilgan edi. Biroq klub uning shartnoma muddatini oshkor qilmagan. Ispaniyalik mutaxassis yoshlar jamoasidagi faoliyati uchun “Santyago Bernabeu”da yuqori baholansa-da, ESPN manbalariga ko‘ra, u hech qachon uzoq muddatli yechim sifatida ko‘rilmagan.
Arbeloa boshqaruvidagi dastlabki oylar ham jamoa uchun kutilganidek o‘tmadi. Manbalarga ko‘ra, amaldagi murabbiy o‘z lavozimini kelasi mavsumgacha saqlab qolishi uchun jamoa bilan katta natija qayd etishi, masalan, Chempionlar Ligasida g‘alaba qozonishi kerak bo‘ladi. Aks holda, klub unga boshqa lavozim yoki “Kastilya” jamoasiga qaytish variantini taklif qilishi mumkin.
ESPN ma’lumotlariga ko‘ra, “Real Madrid” yangi sport loyihasini shakllantirish jarayonida turli nomzodlarni ko‘rib chiqmoqda va Pochettino klub prezidenti Florentino Peres tomonidan yuqori baholanadigan mutaxassislardan biri hisoblanadi.
Hozirda AQSH terma jamoasini boshqarayotgan Pochettinoning amaldagi shartnomasi 2026-yilgi Jahon chempionati yakuniga qadar amal qiladi. U 2019-yilda “Tottenhem”ni Chempionlar Ligasi finaliga olib chiqqanidan so‘ng, “Real Madrid” uchun ehtimoliy nomzod sifatida tilga olingan edi.
Pochettino La Ligani futbolchilik faoliyati davridan yaxshi biladi. Shuningdek, u “Tottenhem”, “PSJ” va “Chelsi” kabi klublarda yulduz futbolchilar bilan ishlash tajribasiga ega. Madrid klubi uchun muhim jihatlardan biri — murabbiyning PSJdagi faoliyati vaqtida Kilian Mbappe bilan ishlagani hisoblanadi. Pochettino Parij klubida ikki mavsum davomida Mbappega murabbiylik qilib, Fransiya chempionligi, mamlakat Kubogi va Superkubogini qo‘lga kiritgan.
Shu bilan birga, “Santyago Bernabeu”da faqat murabbiylar masalasi emas, balki rahbariyatdagi ayrim lavozimlar ham xavf ostida qolmoqda. “Real Madrid” o‘tgan mavsum sovrinsiz qolganidan so‘ng transferlar uchun 170 million funtdan ortiq mablag‘ sarflagan bo‘lsa-da, yangi futbolchilarning barchasi ham kutilgan darajada o‘yin namoyish eta olmadi.
Natijada klubning skautlar bo‘limi rahbari Juni Kalafatning kelajagi ham muhokama qilinmoqda. U ilgari Vinisius Junior, Rodrigo, Eder Militao va Jud Bellingem kabi futbolchilarni klubga olib kelgani uchun yuqori baholangan edi. Biroq o‘tgan yozgi transferlar — Franko Mastantuono, Din Xuysen va Trent Aleksander-Arnold borasida savollar paydo bo‘lgan.
Manbalarga ko‘ra, Florentino Peres va braziliyalik mutaxassis o‘rtasidagi munosabatlar yaxshi bo‘lib qolmoqda. Biroq jamoa ketma-ket ikkinchi mavsumni ham sovrinsiz yakunlasa, bu Kalafatning klubdagi kelajagiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
So‘nggi haftalarda ispan nashrlari Yurgen Klopp, Unai Emeri va Massimiliano Allegrini nomini ham “Real Madrid” bilan bog‘lamoqda. Ayrim manbalarga ko‘ra, Zinedin Zidanning klubga qaytishi Florentino Peresning eng katta orzularidan biri bo‘lib qolmoqda. Biroq fransuz mutaxassisi Jahon chempionatidan keyin Fransiya terma jamoasini boshqarishga rozilik bergani haqidagi xabarlar mavjud.








