Daryo

Indoneziyada gigant chiqindi poligonida ko‘chki sodir bo‘ldi. Qurbonlar bor

200 ta futbol maydoniga teng chiqindixonada bir kun oldin tinimsiz yomg‘ir yog‘gan. So‘ng ertasi kuni ko‘plab ishchilar poligonda bo‘lgan va bir nechta yuk mashinalari chiqindi to‘kayotgan vaqtda uyumlar o‘pirilib tushgan.

2 daqiqa o‘qish11 988 ko‘rishlar0 izoh11

Indoneziyaning eng yirik chiqindi poligonida 8-mart kuni sodir bo‘lgan ko‘chki oqibatida kamida besh kishi halok bo‘ldi. Qutqaruvchilar chiqindi uyumlari ostidan hamon omon qolganlarni qidirmoqda. Bu haqda mamlakat rasmiylariga tayanib The Independent xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, hodisa G‘arbiy Yava provinsiyasidagi Bekasi shahrida joylashgan, Jarkartaga xizmat ko‘rsatuvchi Bantargebang poligonida yuz bergan. Bunga yog‘ingarchilik sabab qilib ko‘rsatilmoqda. Hodisa mahalliy vaqt bilan soat 14:30 larda, ko‘plab ishchilar poligonda bo‘lgan va bir nechta yuk mashinalari chiqindi to‘kayotgan vaqtda ro‘y bergan.

Jakarta qidiruv-qutqaruv boshqarmasi rahbari Desiana Kartika Baharining ma’lum qilishicha, hozircha besh kishining jasadi topilgan, yana to‘rt kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. Qidiruv ishlariga 300 dan ortiq xodim, og‘ir texnika va maxsus o‘rgatilgan itlar jalb etilgan. Ta’kidlanishicha, to‘rt kishi ko‘chkidan qochib qutulishga muvaffaq bo‘lgan.

“Shanba oqshomidan beri tinmay yomg‘ir yog‘di, oqibatda chiqindi tog‘i barqarorligini yo‘qotdi. Qurbonlar orasida ikki nafar yuk mashinasi haydovchisi va chiqindi poligoni yaqinida ishlagan ikki nafar ovqatlanish shoxobchasi sotuvchisi bor”, dedi Bahari xonim.

Indoneziya atrof-muhit vaziri Hanif Faisol Nurofiq 9-mart kuni voqea joyini ko‘zdan kechirar ekan, bu fojiani Jakartaning muvaffaqiyatsiz chiqindi boshqaruvi tizimidagi “xamir uchidan patir” deb atadi. Ma’lum qilinishicha, so‘nggi 37 yil ichida ushbu poligonda 55 million tonna chiqindi to‘planib qolgan.

Vazirning ta’kidlashicha, Bantargebangda chiqindilarni ochiq usulda to‘plash 2008-yildagi taqiqqa zid bo‘lib, bu nafaqat ko‘chkilar xavfini oshiradi, balki atrof-muhitni ham qattiq zaharlaydi.

Dunyodagi eng yirik poligonlardan biri

Bantargebang poligoni taxminan 110–120 gektar maydonni egallagan bo‘lib, bu qariyb 200 ta futbol maydoniga tengdir. Bu yerga har kuni Jakartadan 6 500 tonnadan 8 000 tonnagacha chiqindi keltiriladi. Ayrim joylarda chiqindi uyumlarining balandligi 50 metrgacha yetadi.

O‘tgan fevral oyida prezident Prabovo Subianto hukumat chiqindilarni yoqish va elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun 34 ta zavod qurishga 3,5 milliard dollar sarmoya kiritishini e’lon qilgan edi. Uning ogohlantirishicha, 2028-yilga borib mamlakatdagi aksariyat poligonlar o‘z quvvatini to‘liq sarflab bo‘ladi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar