Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga Vengriya hukumatini mamlakat davlat jamg‘arma bankining yetti nafar xodimini garovga olishda, shuningdek, juda ko‘p miqdordagi naqd pul va oltinni o‘g‘irlashda aybladi. Bu haqda Euronews xabar berdi.
Ukrainaning Oshchadbank (Davlat jamg‘arma banki) ma’lumotlariga ko‘ra, bank xodimlari va taxminan 75 million dollar miqdoridagi mablag‘ni olib ketayotgan mikroavtobus Budapesht markazida to‘xtatib qolingan. Avtomobil Avstriyadan Ukrainaga naqd pul tashiyotgan bo‘lgan. Kiyev hozirda mikroavtobusdagi bank xodimlari bilan aloqa butunlay uzilganini bildirmoqda.
Mazkur hodisa ikki davlat o‘rtasidagi murakkab munosabatlarning keskinlashuvidagi yangi nuqta bo‘ldi. Bir kun avval Vengriya bosh vaziri Viktor Orban va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘zaro bir-birini anglab, zarurat tug‘ilsa, kuch ishlatishni inkor etmagan edi.
“Budapeshtda Vengriya rasmiylari yetti nafar Ukraina fuqarosini asirga oldi. Aslida gap Vengriya tomonidan odamlarni garovga olish va pullarni o‘g‘irlash haqida ketmoqda”, deb yozdi Ukraina TIV rahbari Sibiga X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Oshchadbank o‘z bayonotida Vengriya harakatlarini asossiz deb atadi va xodimlarning zudlik bilan qo‘yib yuborilishini hamda mulkning Ukrainaga qaytarilishini talab qildi.
Mashinada nimalar bo‘lgan?
Bank bergan ma’lumotga ko‘ra, yuk mashinalarida quyidagilar bo‘lgan:
- 40 million AQSH dollari;
- 35 million yevro;
- 9 kilogramm oltin.
Ta’kidlanishicha, ushbu konvoy Avstriyaning Raiffeisen Bank korxonasi bilan kelishilgan holda tashkil etilgan.
“Yuk xalqaro tashuv qoidalari va amaldagi Yevropa bojxona tartib-taomillariga muvofiq ro‘yxatga olingan edi”, deyiladi bank xabarida. Vengriya rasmiylari hozircha ushbu da’volarga munosabat bildirmadi.
Budapesht va Kiyev o‘rtasidagi jiddiy nizo Ukrainaning o‘z hududi orqali Vengriyaga arzon Rossiya neftini yetkazib beruvchi “Drujba” quvurini yopib qo‘ygani sababli yuzaga kelgan. Quvur yanvar oyi oxirida Rossiya hujumi oqibatida shikastlangani taxmin qilinmoqda va o‘shandan beri ta’mirlanmagan.
Vengriya Ukrainani ushbu masaladan siyosiy shantaj vositasi sifatida foydalanayotganlikda ayblab kelmoqda.








