Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 5-mart kuni mamlakat Yaqin Sharqdagi mojarolarda qo‘llanilayotgan Eronning Shahed dronlariga qarshi kurashda AQSH va boshqa ittifoqchilarga yordam berishini ma’lum qildi. Bu haqda France 24 xabar berdi.
AQSH va uning Yaqin Sharqdagi ittifoqchilari Eron dronlariga qanday qarshi turish bo‘yicha Ukraina tajribasiga tayanmoqda. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi kunlarda bir qator davlatlar, jumladan, AQSH ham Kiyevdan Eronning kamikadze dronlaridan himoyalanishda ko‘mak so‘ragan.
Prezident so‘nggi bir necha kun ichida Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Bahrayn, Iordaniya va Kuvayt rahbarlari bilan potensial hamkorlik masalalarini muhokama qilganini qo‘shimcha qildi.
Ukraina mutaxassislari mintaqaga yuboriladi
Shanba, 28-fevral kuni AQSH va Isroil Eronga qarshi keng ko‘lamli havo hujumlarini boshlaganidan so‘ng Tehron javob tariqasida qo‘shni davlatlardagi Amerika obyektlariga zarba berib kelmoqda. Rossiya bilan to‘rt yildan beri davom etayotgan urush davomida Ukraina Moskva tomonidan faol qo‘llanilayotgan Shahed dronlarini urib tushirishning yuqori samarali usullarini ishlab chiqqan.
“Biz AQSHdan Yaqin Sharq mintaqasini Shahed’lardan himoya qilish bo‘yicha aniq yordam so‘ralgan murojaat oldik. Men zarur vositalarni taqdim etish hamda talab qilinadigan xavfsizlikni kafolatlay oladigan ukrainalik mutaxassislar ishtirokini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatma berdim”, deb yozdi Zelenskiy X ijtimoiy tarmog‘ida.
Vaziyatdan xabardor manbaga ko‘ra, Vashington mintaqadagi ayrim mamlakatlarda joylashgan o‘z bazalari va askarlarini himoya qilishda ko‘mak so‘ragan. Ukrainalik mutaxassislar “yaqin kunlarda” ish boshlashi kutilmoqda.
AQSH prezidenti Donald Tramp 5-mart kuni Reuters agentligiga bergan telefon orqali intervyusida Zelenskiyning taklifiga munosabat bildirdi. U Eron dronlaridan himoyalanishda har qanday davlatning yordamini qabul qilishga tayyorligini bildirdi.
Biroq Zelenskiy haftalik bayonotida Erondagi urush uzoq va shiddatli davom etsa, G‘arb ittifoqchilari tomonidan Ukrainaga yetkazib berilayotgan qurol-yarog‘, ayniqsa, Rossiya raketalaridan himoyalanish uchun zarur bo‘lgan havo mudofaasi tizimlari kamayib ketishidan xavotir bildirdi.
So‘nggi oylarda Ukraina Rossiyaning ballistik raketalarini urib tushirishga qodir yagona vosita — AQSHda ishlab chiqarilgan Patriot tizimlarining taqchilligini boshidan o‘tkazmoqda. Shu sababli, 3-mart kuni Zelenskiy Ukraina o‘zining dron-to‘sqinlik vositalarini Yaqin Sharqdagi ittifoqchilar ixtiyoridagi Patriot raketalariga ayirboshlashga tayyorligini ma’lum qildi.








