BAAning Dubay shahrida joylashgan AQSH konsulligi 3-mart kuni kechasi dron hujumiga uchradi. Oqibatda hududda yong‘in kelib chiqdi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.
Dubay hukumati yong‘inni bartaraf etib, hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘qligini qayd etdi. Ushbu hodisa AQSH va Isroilning Eronga uyushtirayotgan harbiy operatsiyasi va Tehronning Yaqin Sharq davlatlaridagi Amerika bazalariga javob zarbasi yo‘llayotgan paytga to‘g‘ri keldi.
“Dubay hukumati AQSH konsulligi avtoturargohida dron bilan bog‘liq hodisa tufayli kelib chiqqan yong‘in 45 daqiqada muvaffaqiyatli o‘chirilganini tasdiqlaydi”, deyiladi Dubay media idorasi bayonotida.
Eronning IRIB davlat teleradiokompaniyasi mazkur hujumni Eron droni amalga oshirganini xabar qildi.
AQSH elchixonasi Jidda, Ar Riyod va Zahron shaharlaridagi amerikaliklarni xavfsiz joylarda qolishga chaqirdi. Shuningdek, 3-mart kuni AQSHning Kuvaytdagi elchixonasi ham “keyingi ogohlantirishgacha” o‘z faoliyatini to‘xtatishini e’lon qildi.
AQSH Davlat kotibi Marko Rubio 3-mart kuni kechroq bergan bayonotida Davlat departamenti Yaqin Sharqdagi amerikaliklarning mintaqani tark etishiga yordam berish ustida ishlayotganini aytdi.
“Biz charter reyslarni, harbiy parvoz imkoniyatlarini va kengaytirilgan tijoriy reyslarni (ya’ni ko‘proq o‘rindiqli yirik samolyotlarni yuborish bo‘yicha aviakompaniyalar bilan hamkorlikni) ko‘rib chiqdik va bu jarayonni davom ettirmoqdamiz”, dedi Rubio Vashingtonda jurnalistlarga.
Avvalroq AQSH Davlat departamenti barcha fuqarolarini zudlik bilan Yaqin Sharqdagi 14 ta davlatni tark etishga chaqirgandi.








