Ukraina o‘z harbiylarini Yaqin Sharq mamlakatlariga Eron dronlariga qarshi kurashishda yordam berish uchun yuboradi. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ma’lum qildi.
Prezident 4-mart kuni Yaqin Sharqdagi vaziyat bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Zelenskiy Yevropadagi hamkorlar va AQSH bilan muloqot qilgani, BAA, Qatar, Iordaniya va Bahrayn rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazganini aytdi.
Zelenskiy hukumatga, harbiy qo‘mondonlikka va razvedka rahbarlariga Yaqin Sharq davlatlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha turli variantlarni ishlab chiqishni topshirdi. Shu bilan birga, bu yordam Ukraina mudofaasini zaiflashtirmasligi kerakligini ta’kidladi.“Ularning barchasi jiddiy tahdid oldida turibdi va bu haqda ochiq gapirmoqda: Eronning zarba beruvchi dronlari — bizning shahar va qishloqlarimizga, Ukrainadagi infratuzilmamizga to‘rt yil davomida hujum qilib kelayotgan o‘sha Shahed’lardir...Ukraina inson hayotini himoya qilish va vaziyatni barqarorlashtirishga yordam bera oladi. Hamkorlar bu borada bizga murojaat qilmoqda”, dedi Ukraina rahbari.
Zelenskiy ukrainalik mutaxassislar aynan qachon Yaqin Sharqqa borishiga aniqlik kiritmadi.“Harbiylarimiz zarur imkoniyatlarga ega. Ukrainalik ekspertlar joyida ishlaydi va jamoalar allaqachon bu haqda kelishib olgan. Biz fuqarolarni himoya qilish va vaziyatni barqarorlashtirish, xususan, mintaqada xavfsiz kema qatnovini tiklash bo‘yicha sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz”, dedi u.








