Daryo

“Ozarbayjonga qarshi har qanday tahdid ‘temir musht’ bilan qarshilanadi” — Aliyev

Prezident mamlakatga qilingan dron hujumiga munosabat bildirdi va uni “terrorchilik akti” deb atadi.

1 daqiqa o‘qish8 282 ko‘rishlar0 izoh11

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Eronga tegishli ikkita dron mamlakat hududiga tushgani borasida fikr bildirdi. U mamlakat hukumati yuz berayotgan jarayonlar haqida xalqni muntazam xabardor qilib borishini ma’lum qildi.

“Temir musht” va birinchi darajali jangovar shaylik

Ilhom Aliyev Ozarbayjon xalqini xotirjamlikka chorlar ekan, mamlakatga qarshi chiqqan har qanday dushman kuchi “temir musht” zarbasiga uchrashini ta’kidladi. Prezident so‘zlariga ko‘ra, Ozarbayjonning kuchini sinab ko‘rmoqchi bo‘lganlar avval ham qaqshatqich javob olgan va navbatdagi hodisa ham aynan shunday natija bilan yakunlanadi.

“Ozarbayjonga qarshi ushbu terrorchilik aktini sodir etganlar qilgan ishidan pushaymon bo‘ladi. Hech kim mamlakatimiz kuchini sinashga urinmasin”, deya ogohlantirdi Aliyev.

Shuningdek, prezident Ozarbayjon Qurolli kuchlari, jumladan, Mudofaa vazirligi, Davlat chegara xizmati va barcha maxsus tayyorgarlik bo‘linmalari birinchi darajali jangovar shaylik holatiga keltirilganini hamda har qanday operatsiyani o‘tkazishga tayyor turishi lozimligini aytdi.

Ilhom Aliyev o‘z nutqida Eron bilan bog‘liq vaziyatga ham to‘xtalib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ozarbayjon og‘ir damda Eronga yordam qo‘lini cho‘zgan, biroq buning evaziga kutilmagan zarbaga uchragan.

Prezidentning ma’lum qilishicha, Eron tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bakuga qo‘ng‘iroq qilib, Livanda qolib ketgan Eron elchixonasi xodimlarini evakuatsiya qilishda yordam so‘ragan, chunki Eron tomonida buning uchun zaruriy vositalar bo‘lmagan. Aliyev darhol samolyot ajratish va yordam ko‘rsatish haqida ko‘rsatma berganini aytdi.

“Eron tomoni hatto ushbu xizmat uchun pul to‘lashni taklif qildi, biroq men rad etdim va og‘ir damda yordam beg‘araz ko‘rsatilishi kerakligini ta’kidladim. Shuncha yaxshilikdan so‘ng esa Naxchivonga nomardlarcha va qo‘rqoqlarcha zarba berildi”, dedi Ozarbayjon rahbari.

​Ozarbayjon hududiga 5-mart kuni Eronning ikkita droni qulab tushdi. Dronlardan biri Naxichivon avtonom respublikasi aeroporti hududiga, ikkinchisi esa Shakarobod qishlog‘idagi maktab binosi yaqiniga qulagan, o‘quvchilar va ustozlar hududdan evakuatsiya qilingan. Hujum oqibatida ikki nafar tinch aholi jarohatlangan. 

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar