Daryo

AQSHning Eronga qarshi urushi 210 mlrd dollarga tushishi mumkin

Mojaro allaqachon xalqaro savdo, global energiya bozorlari va yonilg‘i narxlariga o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Moliyaviy tahlilchi iqtisodiy prognozlari bilan bo‘lishdi.

2 daqiqa o‘qish18 560 ko‘rishlar0 izoh6

AQSHning Eron bilan urushi Amerika iqtisodiyotiga 210 milliard dollargacha zarar yetkazishi mumkin. Bu haqda Uorton maktabi professori va moliyaviy tahlilchi Kent Smettersga tayanib, The Independent xabar berdi.

Davom etayotgan mojaro allaqachon xalqaro savdo, global energiya bozorlari va yoqilg‘i narxlariga o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Biroq urush iqtisodiyotga qanchalik zarar yetkazishini aniq hisoblash qiyin.

Kent Smetters prognozlariga ko‘ra, hozirda iqtisodiy yo‘qotish 115 milliard dollarni tashkil etadi, ammo bu ko‘rsatkich mojaroning tabiati va davomiyligiga qarab 50 milliard dollardan 210 milliard dollargacha yetishi mumkin.

“Agar Eron haqiqatan ham yadro quroliga ega bo‘lganida, biz kelajakda harbiy maqsadlarga va hatto vayron bo‘lgan shaharlarni qayta tiklashga hozirgidan ancha ko‘p mablag‘ sarflashimizga to‘g‘ri kelishi mumkin edi”, dedi tahlilchi.

​AQSH prezidenti Donald Tramp ham urush iqtisodiyot uchun xavf tug‘dirayotganini tan olgan. U Fors ko‘rfazidagi muhim o‘tish yo‘llari orqali harakatlanayotgan energiya tankerlari uchun hukumat tomonidan kafolatlangan sug‘urta va harbiy-dengiz kuzatuvini taklif qilmoqda.

“Agar zarurat tug‘ilsa, AQSH Harbiy-dengiz kuchlari imkon qadar tezroq Hormuz bo‘g‘ozi orqali tankerlarni kuzatib borishni boshlaydi. Nima bo‘lishidan qat’i nazar, Qo‘shma Shtatlar dunyo bo‘ylab energiya oqimining erkinligini ta’minlaydi. Qo‘shma Shtatlarning iqtisodiy va harbiy qudrati Yer yuzidagi eng buyuk kuchdir”, degan edi u.

​Vashingtonda jurnalistlar bilan suhbatda Tramp urush tufayli neft narxi “bir muddat” yuqori bo‘lishi mumkinligini aytdi. Biroq nizo yakunlangach, “bu narxlar tushishiga, hatto avvalgidan ham pastroq bo‘lishiga ishonaman” deya ta’kidladi.

3-mart kungi savdolar yakunida West Texas Intermediate markali xom neft narxi 5 foizdan ko‘proqqa oshdi, mamlakat bo‘ylab bir gallon benzinning o‘rtacha narxi esa 10 sentdan ko‘tarildi. Tahlilchilar urushning iqtisodiy oqibatlari ko‘p jihatdan mojaro qancha davom etishiga bog‘liq ekanini aytmoqda.

“Bozorlar uzoq davom etadigan harbiy to‘qnashuv xavfini yetarlicha hisobga olmayapti. Agar operatsiya tez yakunlanmasa va Hormuz bo‘g‘ozi orqali harakatlanish tezda tiklanmasa, vaziyat ancha murakkablashishi mumkin”, dedi Baydenning sobiq iqtisodiy maslahatchisi Aleks Jakkes.

​Iqtisodiy zarardan tashqari, AQSHning harbiy operatsiyasi yana 65 milliard dollar byudjet xarajatini talab qilishi mumkin. AQSH va Isroil 28-fevraldan beri Eronga zarbalar bermoqda. Tehron AQSHning harbiy bazalari va diplomatik missiyalari joylashgan Isroil va Fors ko‘rfazi mamlakatlariga hujumlar bilan javob qaytarmoqda.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar