Iroq milliy terma jamoasi rahbariyati 2026-yilgi Jahon chempionatiga yo‘llanma beruvchi qit’alararo pley-off uchrashuvi bo‘yicha FIFA rasmiy tasdiq berganini ma’lum qildi. Bayonotda ta’kidlanishicha, uchrashuv 31-mart kuni Meksikaning Monterrey shahrida o‘tkaziladi.
Jamoa rahbariyati Yaqin Sharqdagi so‘nggi xavfsizlik vaziyati sabab tayyorgarlik jarayonida muammolar yuzaga kelayotganini bildirgan.
“FIFA va Osiyo futbol konfederatsiyasi jamoamiz bilan bog‘liq barcha jarayonlardan to‘liq xabardor. Biz ular bilan doimiy aloqadamiz”, deyiladi rasmiy bayonotda.
Shuningdek, havo hududlarining yopilishi sabab bosh murabbiy Grem Arnold Birlashgan Arab Amirliklaridan chiqa olmayotgani qayd etilgan.
“Bir qator elchixonalar yopiq bo‘lgani sababli ayrim professional futbolchilar hamda texnik va tibbiy shtab a’zolari Meksikaga kirish vizalarini rasmiylashtira olmayapti”.
Terma jamoa muxlislarni xotirjam bo‘lishga chaqirib, vaziyat FIFA va OFK tomonidan nazorat qilinayotganini ma’lum qildi.
Ma'lumot uchun, 28-fevral kuni AQSH va Isroil Eronga qarshi harbiy operatsiya boshladi. Hujumlar Eronning eng yirik shaharlariga, jumladan Tehronga ham yo‘naltirildi. Oq uy ushbu hujum sababini Tehrondan kelayotgan raketa va yadroviy tahdidlar bilan izohladi. Eronga berilgan zarbalar natijasida oliy rahbar Oyatulloh Ali Xomanaiy halok bo‘ldi.
Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bunga javoban Isroildagi obyektlarga hujum qilib, keng ko‘lamli javob operatsiyasini boshladi. Shuningdek, AQSHning Bahrayn, Iordaniya, Qatar, Quvayt, BAA va Saudiya Arabistonidagi bazalariga ham zarbalar berildi.








