Fors ko‘rfazi davlatlarining Eron hujumlariga nisbatan “passiv mudofaa”si cheksiz emas. Agar tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasiga hujumlar davom etsa, bunga toqat qilinmaydi. Bu haqda BAA Federal milliy kengashining Mudofaa, ichki ishlar va tashqi aloqalar qo‘mitasi raisi Ali Rashid Al Nuaimiy ma’lum qildi.
U Amirliklar urushga tortilib ketmaslik uchun harakat qilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, Eronning xalqaro maydondagi bayonotlari bilan amaliy harakatlari o‘rtasida tafovut borligini aytdi.
Eron o‘zini xalqaro huquqqa sodiq, yaxshi qo‘shnichilik tarafdori sifatida ko‘rsatadi. Ammo mintaqa davlatlari bilan munosabatda aynan shu tamoyillarni birinchi bo‘lib o‘zi buzadi, dedi u.
BAA rasmiysi Fors ko‘rfazi davlatlari o‘z hududlaridan Eronga qarshi hujumlar uchun foydalanmaslikka va’da berganini eslatdi. Biroq bu majburiyatga javoban tajovuz yuz berganini ta’kidladi.
Bu majburiyatimizga javob sifatida Eron bizga hujum qildi… BAA shafqatsiz tajovuz deb ta’riflash mumkin bo‘lgan hujumga duch keldi, dedi u.
U muzokaralarda faol vositachilik qilayotgan Ummon ham hujumga uchraganini qayd etdi.
Hatto Eronga xayrixoh bo‘lganlar ham endi hayratda, dedi Ali Rashid Al Nuaimiy.
Uning ta’kidlashicha, hozirgi hujumlar Eronning yadro dasturi, ballistik raketalari va mintaqadagi qurolli guruhlari bo‘yicha uzoq yillik tanqidlarning asosli ekanini ko‘rsatmoqda.
Eronni tanqid qilganlarning pozitsiyasi to‘g‘ri bo‘lgan. Eron bunday faoliyatdan to‘xtatilishi kerak, chunki uning, ayniqsa, qo‘shnilarga nisbatan harakatlari tajovuzkor, dedi u.
Fuqarolik nishonlari
Al Nuaimiy Eron hujumlari harbiy obyektlarga emas, balki fuqarolik infratuzilmasiga qaratilganini aytdi.
Hozir sodir bo‘layotgan hujumlarning harbiy bazalarga hech qanday aloqasi yo‘q. Ular fuqarolik obyektlarini nishonga olmoqda. Ular mintaqadagi barcha aeroportlarni nishonga olgan. Ular aholi zich joylashgan markazlarni nishonga olmoqda. Bu janjalda rejim yutqazadi, dedi u.
Al Nuaimiy Birlashgan Arab Amirliklari o‘z pozitsiyasidan chekinmasligini ta’kidladi.
Biz BAAda ham, Fors ko‘rfazi mamlakatlarida ham o‘z pozitsiyalarimizni o‘zgartirmaymiz. Biz o‘z siyosiy yo‘nalishimiz va nutqimizni saqlab qolamiz. Amirliklar zaminida yashovchi har bir kishining xavfsizligini saqlashga sodiq qolamiz, dedi u.
Al Nuaimiyning aytishicha, Eronning harakatlari dunyoga unga ishonib bo‘lmasligi haqida signal bermoqda.
Eronning bugungi dunyoga murojaati: bizga ishonmang. Bizga ishonib bo‘lmaydi. Agar biz million shartnoma imzolasak ham, ularni hurmat qilmaymiz, dedi u.
U Eron Fors ko‘rfazi davlatlari o‘z hududidan Eronga qarshi hujumlarga ruxsat bermasa, mintaqaga zarba bermaslik haqidagi va’dasini buzganini eslatdi.
Bu rejimning ishonchliligi shamolda sovurildi. Unga ishonib bo‘lmaydi. Muzokaralarga chaqirgan taqdiringizda ham, kim bilan muzokara olib borasiz? Bu rejim o‘z majburiyatlarini bajarishiga kim kafolat beradi?
Ishontirib aytamanki, bu hudud (BAA nazarda tutilgan) xavfsiz hudud bo‘lib qoladi. Biz hech kimga uni beqarorlashtirishga yoki xavfsizligiga putur yetkazishga yo‘l qo‘ymaymiz. Bu zaminda yashaydigan har bir kishi omonlik va barqarorlikka erishadi, deya xulosa qildi Ali Rashid Al Nuaimiy.








