Daryo

Fransiya yadroviy arsenalini oshiradi

Emmanuel Makron mamlakatning “hayotiy manfaatlari”ni himoya qilish uchun yadroviy kallaklar zaxirasini ko‘paytirishga buyruq berdi. Prezidenti Yevropa uchun “kengaytirilgan tiyib turish” rejasini e’lon qildi.

2 daqiqa o‘qish3 944 ko‘rishlar0 izoh4

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron mamlakatning yadroviy kallaklar zaxirasini ko‘paytirishga buyruq berdi va agar mamlakatning “hayotiy manfaatlari” xavf ostida qolsa, ortga chekinmasligini bildirdi. Bu haqda davlat rahbari Fransiyaning shimoli-g‘arbidagi ballistik raketali suvosti kemalari bazasida so‘zlagan nutqida ma’lum qildi.

“Arsenalimiz hajmi endi sir tutiladi”

Prezident o‘z nutqida Fransiya yadroviy salohiyatini mustahkamlashini alohida ta’kidladi:

“Men arsenalimizdagi yadroviy kallaklar sonini ko‘paytirishga buyruq berdim. O‘tmishdan farqli o‘laroq, endi yadroviy arsenal hajmini ochiqlamaymiz. Hayotiy manfaatlarimizni himoya qilish uchun zarur qarorlarni qabul qilishda hech qachon ikkilanmayman. Agar arsenalimizdan foydalanadigan bo‘lsak, hech bir davlat bundan qochib qutula olmaydi”, dedi Makron.

Stokgolm xalqaro tinchlik muammolarini tadqiq qilish institutining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Fransiyada taxminan 290 ta yadroviy kallak mavjud. Makronning mazkur e’loni Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini va Eron bilan urushning kengayishi kabi bir paytda yangradi.

Yelisey saroyi mulozimlari ushbu nutq Yaqin Sharqdagi mojaro avj olishidan ancha avval rejalashtirilganini va jadvaldan chetga chiqilmaganini ta’kidladi.

Yevropa uchun “tiyib turish” strategiyasi

45 daqiqalik nutqi davomida Makron “ilg‘or yadroviy tiyib turish strategiyasi”ning bosqichma-bosqich amalga oshirilishini tushuntirib berdi. U buni NATOga muqobil emas, balki unga strategik va texnik jihatdan to‘laqonli qo‘shimcha bo‘ladigan “Yevropa xavfsizligining qo‘shimcha qatlami” deb atadi.

Makronning so‘zlariga ko‘ra, Fransiya o‘zining strategik imkoniyatlarini yevropalik ittifoqchilari orasida, avvalo, qo‘shma mashg‘ulotlar orqali “vaziyatga qarab joylashtirishi” mumkin. Hozirda sakkizta davlat ushbu dasturga qiziqish bildirgan,. Ular Buyuk Britaniya, Germaniya, Polsha, Niderlandiya, Belgiya, Gretsiya, Shvetsiya va Daniya.

Ushbu davlatlar Fransiya Harbiy-havo kuchlarining “strategik aviatsiyasini” qabul qilishi mumkin bo‘ladi, bu esa yadroviy kuchlarni butun qit’a bo‘ylab yoyish imkonini beradi. Mazkur jarayon AQSH bilan to‘liq shaffoflik asosida amalga oshirilishi aytildi.

Parij, Berlin va London hamkorligi

Makronning nutqidan so‘ng darhol Parij va Berlin ikki davlat o‘rtasida “yuqori darajadagi yadroviy boshqaruv guruhi” tuzilganini e’lon qildi. Germaniya joriy 2026-yildan boshlab Fransiyaning yadroviy mashg‘ulotlarida an’anaviy qurollar bilan ishtirok etishni, strategik obyektlarga qo‘shma tashriflarni va yevropalik hamkorlar bilan birga an’anaviy jangovar salohiyatni rivojlantirishni kelishib oldi.

Suverenitet va yangi loyihalar

Fransiya prezidenti yakuniy qaror qabul qilish huquqi faqat o‘zida qolishini qat’iy bildirdi:

“Yakuniy qarorni qabul qilishda hech qanday sheriklik bo‘lmaydi. Shuningdek, hayotiy manfaatlar mamlakatning suveren bahosi bo‘lib qoladi”.

Bundan tashqari, Parij, London va Berlin xavfsizlik manzarasi o‘zgarayotgan sharoitda “o‘ta uzoq masofali raketa loyihalari” ustida birgalikda ishlashi ma’lum qilindi. Bu 2024-yilda boshlangan va tarkibiga Italiya, Polsha hamda Shvetsiya ham kirgan “Yevropa uzoq masofali zarba berish yondashuvi”ning bir qismidir.

Makron, shuningdek, Fransiya bayrog‘i ostida suzadigan kelajakdagi ballistik raketali suvosti kemasi Invincible (Yengilmas) deb nomlanishi va u 2036-yilda xizmatga kirishishini e’lon qildi.

Ma’lumot o‘rnida, Fransiya Yevropa Ittifoqi tarkibidagi yagona yadroviy davlatdir. Dunyoda jami to‘qqizta davlat yadro quroliga ega deb hisoblanadi: Rossiya, AQSH, Fransiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Isroil va Shimoliy Koreya. Ulardan faqat dastlabki beshtasi “Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma”ga muvofiq rasman tan olingan.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar