Daryo

BAA Eron bilan diplomatik aloqalarni uzdi

Birlashgan Arab Amirliklari Eronning mamlakat hududiga bergan zarbalari ortidan Tehrondagi elchixonasini yopishga va Eron Islom Respublikasidagi elchisini, shuningdek, diplomatik missiya xodimlarini chaqirib olishga qaror qildi.

1 daqiqa o‘qish8 798 ko‘rishlar0 izoh3

Birlashgan Arab Amirliklari Eronning mamlakat hududiga bergan zarbalari ortidan Tehrondagi elchixonasini yopishga va Eron Islom Respublikasidagi elchisini, shuningdek diplomatik missiya xodimlarini chaqirib olishga qaror qildi. Bu haqda BAA Tashqi ishlar vazirligi rasmiy saytida ma’lum qilindi.

Bayonotda aytilishicha, mazkur qaror Eron tomonidan BAA hududiga qaratilgan ochiq raketa hujumlariga javoban qabul qilingan.

Vazirlik Eron zarbalari fuqarolik obyektlariga, jumladan turar joylar, aeroportlar, portlar va infratuzilma inshootlariga yo‘naltirilayotganini ta’kidladi. Islom Respublikasining harakatlari tinch aholi xavfsizligini xavf ostiga qo‘yayotgani va milliy suverenitet hamda xalqaro huquqning qo‘pol buzilishi ekani qayd etildi.

O‘zi nima gap?

28-fevral kuni ertalab Isroil va AQSHning Eronga bergan zarbalaridan so‘ng Tehron Fors ko‘rfazi mamlakatlari tomon raketa va dronlar uchirgan. Eron zarbalari nishoni — mintaqadagi AQSH harbiy bazalari.

BAA Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 165 ta ballistik raketa va 541 ta uchuvchisiz moslamalar uchirilgani qayd etilgan, ularning aksariyati tutib qolingan.

Dronlardan biri Dubay aeroportiga urilgan, oqibatda to‘rt kishi jarohat olgan. Yana bir uchuvchisiz apparat parchalari Dubaydagi dunyodagi eng baland mehmonxonalardan biri — besh yulduzli Burj al-Arab mehmonxonasiga zarar yetkazgan.

Shuningdek, havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan urib tushirilgan yana bir dron parchalari Jebel Ali porti yaqinida yong‘in kelib chiqishiga sabab bo‘lgan. Mazkur port Yaqin Sharqdagi eng yirik dengiz porti va dunyodagi eng katta sun’iy portlardan biri bo‘lib, Dubay markazidan taxminan 35 kilometr janubi-g‘arbda joylashgan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar