Buyuk Britaniya o‘zining Yaqin Sharqdagi bazalaridan Eronga zarba berish uchun foydalanishga ruxsat berdi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Kir Starmerga tayanib Reuters xabar berdi.
AQSH bu bazalardan Eron omborlardagi yoki uchirish qurilmalaridagi raketalarga qarshi zarbalar berishda foydalanishni so‘ragan, Starmer mazkur so‘rovni qabul qilganini aytdi.
Qo‘shma Shtatlar Britaniya bazalaridan aniq va cheklangan mudofaa maqsadida foydalanishga ruxsat so‘radi. Biz Eronning mintaqa bo‘ylab raketa uchirishining oldini olish uchun bu so‘rovni qabul qilishga qaror qildik, dedi Starmer videomurojaatida.
U 28-fevral kuni Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy o‘limiga sabab bo‘lgan AQSH-Isroil hujumlarida Britaniya qatnashmaganini ta’kidladi. Shuningdek, mamlakati keyingi hujumlarda ham ishtirok etmasligini aytdi. U Eron raketalari Yaqin Sharqdagi Britaniya fuqarolari bo‘lgan aeroport va mehmonxonalarga kelib tushganini ma’lum qildi.
Buyuk Britaniyaning Eronga qarshi zarbalarda ishtirok etmasligi haqidagi qarorimiz ongli ravishda qabul qilingan, chunki biz mintaqa va dunyo uchun eng yaxshi yo‘l muzokaralar orqali erishiladigan kelishuv ekaniga ishonamiz.
Bu kelishuvda Eron yadroviy qurol yaratishga bo‘lgan har qanday intilishlaridan voz kechishga rozi bo‘ladi. Ammo shunga qaramay, Eron Britaniya manfaatlariga zarba bermoqda va Britaniya xalqini katta xavf ostida qoldirmoqda, dedi u.
Britaniya qiruvchi samolyotlari allaqachon mudofaa operatsiyalarida qatnashib, Eron raketalarini tutib qolayotgan edi. Biroq Starmer xavfni to‘xtatishning yagona yo‘li raketalarni hali uchirilmasdan yo‘q qilish ekanini aytdi.
Shu bois AQSH so‘rovining qabul qilinishi xalqaro huquqqa muvofiq, “ko‘p yillik do‘stlar va ittifoqchilarning jamoaviy o‘zini o‘zi himoya qilishi hamda Britaniya fuqarolari hayotini saqlash”ga asoslangan, dedi bosh vazir.








