AQSH va Isroilning Eronga bergan zarbalari Yaqin Sharq davlatlari havo hududining ommaviy yopilishiga sabab bo‘ldi. Uch mingdan ortiq reys bekor qilindi yoki yo‘nalishini o‘zgartirdi, bu esa yirik xalqaro transport koridorlari faoliyatini falaj qilib qo‘ydi.
Yetti yirik aeroport faoliyati to‘xtadi
Parvozlarning bekor qilinishi Yaqin Sharqdagi yetti yirik aeroportga, jumladan, BAAning Dubay va Abu-Dabi, Qatarning Doha hamda Bahraynning Manama shaharlaridagi havo bandargohlariga ta’sir ko‘rsatdi.
- Emirates aviakompaniyasi 2-mart kuni soat 15:00 ga qadar Dubayga va Dubaydan barcha parvozlarni vaqtincha to‘xtatdi.
- Qatar Airways Doha aeroportida faoliyat kamida 2-mart tongiga qadar to‘xtatilganini bildirdi. Parvozlar faqat Qatarning fuqaro aviatsiyasi xavfsizlikka kafolat berganidan so‘ng tiklanadi.
- Saudiya Arabistoni va BAA aviatashuvchilari ham xalqaro xavfsizlik standartlaridan kelib chiqib, o‘nlab reyslarni bekor qildi.
- FlyDubai kompaniyasi mijozlarga sabr-toqat uchun minnatdorchilik bildirib, barcha resurslar yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlashga qaratilganini ma’lum qildi.
Isroil va boshqa davlatlar: Osmon bo‘shab qoldi
1-mart holatiga ko‘ra, Isroil havo hududi ham yopiqligicha qolmoqda. El Al aviakompaniyasi chet elda qolib ketgan isroilliklarni olib kelish uchun maxsus reja tayyorlayotganini bildirdi.
Shanba, 28-fevral kuni Isroil, Qatar, Suriya, Eron, Iroq, Kuvayt va Bahrayn o‘z havo hududlarini yopganidan so‘ng, minglab yo‘lovchilar aeroportlarda qolib ketdi yoki samolyotlar boshqa davlatlarga yo‘naltirildi. FlightRadar24 xizmati BAA osmonida birorta ham fuqaro samolyoti qolmaganini qayd etdi.
BAA hukumati 28-fevral kuni Eron tomonidan ballistik raketalar bilan amalga oshirilgan “ochiqdan ochiq hujumlar”ni qoraladi. Sababi Dubay xalqaro aeroportida to‘rt kishi jarohatlandi.
Abu Dabining Zayed xalqaro aeroportida esa dron hujumi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi, yetti kishi jarohatlandi. Shuningdek, Kuvayt xalqaro aeroportiga ham zarbalar berilgani xabar qilinmoqda.
Garchi Tehron bu hujumlar uchun javobgarlikni rasman zimmasiga olmagan bo‘lsa-da, Fors ko‘rfazi davlatlari buni Eronning javob zarbalari deb baholamoqda.
Aviatsiya tahlilchilarining fikricha, reyslardagi uzilishlar yaqin kunlarda ham davom etadi. Samolyotlar urush hududlarini aylanib o‘tish uchun Saudiya Arabistoni ustidan uchmoqda. Bu parvoz vaqtini uzaytirib, yonilg‘i sarfini oshiradi. Shu boisdan chiptalar narxi oshishi kutilmoqda.
Ekspertlar ushbu inqiroz qancha davom etishini prognoz qilishga qiynalmoqda. AQSH prezidenti Donald Tramp Tehron rasmiylari muzokara o‘tkazishni so‘raganini ta’kidladi. Ammo bu qancha muddat ichida sodir bo‘lishi noma’lum. 2025-yil iyun oyida Isroil va AQSHning Eronga hujumi 12 kun davom etgan edi.








