Yahudiy davlati Eron bilan urush sabab o‘z osmonini yopdi. Shundan so‘ng yuzlab isroilliklar va xorijliklar mamlakatni tark etish uchun Misrning Taba aeroportidan foydalana boshladi. U Sinay yarimorolidagi kichik kurort shaharchada joylashgan bo‘lib, hozir mintaqadagi eng muhim tranzit nuqtalaridan biriga aylangan.
Mazkur obyekt 28-fevraldan buyon ikki yo‘nalishdagi qatnovlarda foydalanilmoqda. Ayrim isroilliklar hamda sayyohlar quruqlik orqali Misrga o‘tib, u yerdan Yevropa va boshqa davlatlarga uchib ketmoqda. Boshqalar esa dunyoning turli qismlaridan Taba aeroportiga qo‘nib, avtobuslar orqali Isroilga boryapti. Yo‘lovchilar oqimi yuqoriligi bois odatda tinch bo‘lgan shaharcha gavjum tranzit markaziga aylangan.
Yahudiy davlati o‘z havo hududini yopganidan bir kun o‘tib, Isroilning Arkia aviakompaniyasi Taba—Afina yo‘nalishida reyslarni yo‘lga qo‘ydi. Shuningdek, Israir kompaniyasi Yevropaning olti shahri orqali Taba aeroportiga parvozlar tashkil etilishini e’lon qildi. Bu yo‘nalishlarga Kipr va Gretsiya aviakompaniyalari ham qo‘shildi.
Parvozlar Isroil hukumati tomonidan ilgari surilgan tashabbus bo‘lib, Lion’s Wings repatriatsiya dasturi doirasida amalga oshirilmoqda. Qo‘shma Shtatlarning Isroildagi elchisi Mayk Hakkabi ham Isroilda qolgan AQSH fuqarolariga murojaat qilib, ularni Taba aeroporti orqali chiqib ketishga undagan.
Aeroport xodimlarining aytishicha, bu yerdan har kuni o‘rtacha 15 ta parvoz amalga oshirilmoqda. Shunga qaramay, barcha reyslar uchun chiptalar deyarli to‘liq sotilyapti. Bu esa, o‘z navbatida, mahalliy aholi daromadlarini ham oshirgan. Hatto mamlakatning turli qismlaridan ishlash uchun shaharchaga odamlar kela boshlagan.
AQSH va Isroil tomonidan 28-fevral kuni Eronga qarshi boshlangan urushning ikkinchi haftasi davom etyapti. Ko‘rilgan talafotlar sabab eronliklarning raketa va dron zarbalari intensivligi keskin kamaydi. Shunga qaramay, mamlakat Isroilga va Qo‘shma Shtatlarning mintaqadagi bazalariga hujumlarni davom ettiryapti.“Men Tabaga pul ishlash uchun shu hafta Qohiradan keldim. Ko‘pchilik ketishini va ularni manziliga olib borib, yaxshi pul topish mumkinligini bilardim”, deydi misrlik haydovchi.








