Gollivud – yoshlar, go‘zallik va doimiy yangilanish qadrlanadigan sanoat. Ammo bu yorqin sahna ortida ko‘pincha yosh bilan bog‘liq muammolar ham yashirinib yotadi. “Juda qariligi” bahonasi bilan rollardan chetlatilgan aktyor va aktrisalar haqidagi hikoyalar esa kino olamida yosh diskriminatsiyasi mavjudligini ko‘rsatadi.
Ayniqsa, yillar davomida mashhurlikka erishgan yulduzlar ham ma’lum bir yoshdan so‘ng bosh rollardan ikkinchi darajali obrazlarga yoki umuman ekranlardan chetga surilib qolgan. Ushbu maqolada Gollivudda aynan yosh sababli rollarni yo‘qotgan yoki shunday tanqid va bosimlarga duch kelgan mashhur yulduzlar haqida so‘z yuritamiz.
Riz Uizerspun
Muxlislar Rizni uning 26 yoshli qizi Ava bilan solishtirishadi: aksariyat suratlarda ular opa-singildek ko‘rinadi. Ammo bu fikrga 70-80-yillarda mashhurlik cho‘qqisida bo‘lgan “Fleetwood Mac” guruhining amerikalik xonandasi Stivi Niks qo‘shilmagan.
Mish-mishlarga ko‘ra, Stivi guruh tarixi haqidagi biografik filmda Rizning rol o‘ynashini istamagan. Bunga sabab qilib aktrisaning bu rolni ijro etish uchun “juda qariligi” aytilgan. Qizig‘i shundaki, Uizerspun Niksdan 27 yosh kichik bo‘lgan.
Oliviya Uayld
“Doktor Xaus” serialidan so‘ng mashhurlikka erishgan Oliviya, afsuski, Leonardo Di Kaprio bilan birga “Uoll-strit bo‘risi” filmida rol ijro eta olmagan. Rasmiy rad javobida Uayld bu kabi film uchun “juda murakkab” ekani aytilgan edi.
Keyinroq aktrisa bu ibora nimani anglatishini tushunib yetdi. Aslida o‘sha paytda 32 yoshda bo‘lgan Uayldni yoshroq Margo Robbiga (u 25 yoshda edi) nisbatan zaif raqobatchi deb hisoblashgan. Boshqa tomondan, aynan shu film avstraliyalik Margoga Gollivudga yorib kirish va so‘nggi besh yillikning eng yetakchi aktrisalaridan biriga aylanish imkonini berdi.
Ketrin Zeta-Jons
Ketrin aktyorlik zinapoyasidagi ilk qadamlarini eslar ekan, yoshga doir cheklovlarni ham tilga oladi. Xususan, aktrisa 18 yoshga to‘lganida, britaniyalik bastakor Lloyd Uebber uni “Muhabbat qirralari” myuzikliga olmagan va bunga qizning juda jozibador, biroq ayni paytda unchalik yosh emasligini sabab qilib ko‘rsatgan.
Qiziq, “Zorro niqobi” filmidan so‘ng Gollivud e’tiborini tortgan Zeta-Jonsning muvaffaqiyati haqida Lloyd nima degan ekan? Axir o‘sha paytda Ketrin deyarli 30 yoshda edi.
Jeyn Fonda
Garchi to‘g‘riso‘z bo‘lsa-da, yulduz aktrisalarga eng ko‘p bosim o‘tkazib, ularni plastik jarrohlik va “go‘zallik ukollari” yordamida yosharishga majburlaydigan kimsalarning ismlarini oshkor etmaydi.
Fonda yoshi sababli bir nechta yaxshi rolga tasdiqlanmaganini ham yashirmaydi. Biroq mashhur aktrisa yuzini o‘sha kimsalardan birining talabi bilan torttirganmi yoki o‘zi uchunmi – bu haqda gapirmaydi.
Melani Griffit
Melani Griffit misolida adolatsizlik haqida uning o‘zi emas, balki qizi Dakota Jonson aytib bergan. Dakotaga ko‘ra, onasi ko‘p yillardan beri ishsiz yurishiga 40 yoshdan oshgan ayollarga rol bermaydigan shafqatsiz kino sanoati sababchi.
Biroq muxlislar Griffitning bu majburiy tanaffusi Melanining xavfli odatlari — uning yuzini butunlay o‘zgartirib yuborgan alkogol va plastik amaliyotlar bilan bog‘liq, deb hisoblashadi.








