Daryo

“Ehtimol, biz do‘stona yo‘l bilan Kubani qo‘shib olarmiz” — Tramp

AQSH prezidenti Kubani o‘zgarishlarga muhtoj, zaiflashayotgan mamlakat, kubaliklarni esa “millat sifatida muvaffaqiyatsizlikka uchrayotgan xalq” deb atagan.

2 daqiqa o‘qish5 128 ko‘rishlar0 izoh1

AQSH prezidenti Donald Tramp Kuba hukumati mamlakat duch kelayotgan muammolar sababli Qo‘shma Shtatlar bilan muzokara olib borayotganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat kotibi Marko Rubio bu masala bilan “juda yuqori darajada” shug‘ullanmoqda, deb yozadi Reuters.

“Kuba hukumati biz bilan muzokaralar olib boryapti va ularda katta muammolar bor. Ularda pul yo‘q. Hozir ularda hech narsa yo‘q, lekin biz bilan muzokara olib borishmoqda. Ehtimol, biz Kubani do‘stona tarzda qo‘shib olishimiz mumkin”, dedi Tramp jurnalistlarga.

​BBC rus xizmatining qayd etishicha, Tramp “friendly takeover” (do‘stona egallab olish) atamasini qo‘llagan. Bu atama odatda bir kompaniya ikkinchisini tomonlarning roziligi bilan o‘ziga qo‘shib olishini tasvirlash uchun ishlatiladi.

AQSH prezidenti Kubani o‘zgarishlarga muhtoj, zaiflashayotgan mamlakat, kubaliklarni esa “millat sifatida muvaffaqiyatsizlikka uchrayotgan xalq” deb atagan. 79 yoshli Tramp Kuba muammolari haqida bolaligidanoq eshitib kelishini ta’kidlagan.

“Ularda pul yo‘q, neft yo‘q, oziq-ovqat yo‘q. Haqiqatan ham hozir mamlakat og‘ir ahvolda va ular bizdan yordam so‘rashmoqda”, degan Oq uy rahbari.

​Kuba hukumati AQSH bilan hech qanday yuqori darajadagi muzokaralar olib bormayotganini bildirgan. Reuters’ning qayd etishicha, hukumat OAVning Amerika rasmiylari Kubaning sobiq prezidenti Raul Kastroning nabirasi Raul Gilermo Rodriges Kastro bilan muzokara olib borayotgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi xabarlarini rad etmagan.

Yanvar oyida AQSH Venesuela yetakchisi Nikolas Maduroni qo‘llab-quvvatlashdan voz kechganidan so‘ng, Tramp Kuba endi Venesueladan neft va pul olmasligini aytgan edi. U Kuba hukumatiga Qo‘shma Shtatlar bilan kelishuv tuzishni “qat’iy tavsiya qilgan”.

AQSH tomonidan joriy etilgan neft blokadasi tufayli Kubada yoqilg‘i inqirozi boshlandi. Bu esa xorijiy aviakompaniyalarning, jumladan, Rossiya aviakompaniyalarining ham Kubaga parvozlarni to‘xtatishiga olib keldi. Fevral oyida AQSH Moliya vazirligi Kubaning xususiy sektorini qo‘llab-quvvatlash uchun Venesuela neftining bir qismini qayta sotishga ruxsat berilishini ma’lum qilgan.

The Wall Street Journal ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp ma’muriyati 2026-yil oxirigacha mamlakatda hokimiyatni almashtirish maqsadida Kuba hukumatida o‘ziga xayrixoh shaxslarni qidirmoqda.

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar