O‘zbekiston dunyoning 150 ta davlati ichida xavfsizlik bo‘yicha 23-o‘rinni egalladi. Numbeo portali 2026-yilgi tegishli indeksni e’lon qildi.
Ushbu reyting veb sayt foydalanuvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomalar asosida shakllantirilgan. 2025-yilda O‘zbekiston 148 ta davlat ichida 25-pog‘onada qayd etilgan edi. Yangi reytingda mamlakat o‘z ko‘rsatkichini 2 pog‘onaga yaxshiladi.
Eng xavfsiz davlatlar o‘nligiga BAA, Qatar, Andorra, Tayvan, Makao, Ummon, Men oroli, Gonkong, Armaniston va Bahrayn kiritildi. Markaziy Osiyo davlatlari orasida Qozog‘iston 76-o‘rin, Qirg‘iziston 101-o‘rinni egalladi. Tojikiston va Turkmaniston esa reytingga kiritilmagan.
E’tiborli jihati O‘zbekiston xavfsizlik darajasi bo‘yicha Chexiya (25), Finlyandiya (26), Shveysariya (27), Avstriya (28), Germaniya (52), Italiya (85-o‘rin) va AQSH (94) kabi davlatlardan yuqorida turibdi.
Shuningdek, reytingda Isroil 35-o‘rin, Rossiya 51-o‘rin, Ukraina 82-o‘rin va Eron 100-o‘rinni qayd etgan. Dunyoning eng xavfli davlatlari sifatida Afg‘oniston, Gaiti, Venesuela va Papua Yangi Gvineya (oxirgi o‘rin) ko‘rsatilgan.








