Meta kompaniyasiga tegishli Instagram ijtimoiy tarmog‘i o‘smir yoshdagi foydalanuvchilar o‘z joniga qasd qilish yoki o‘ziga zarar yetkazish bilan bog‘liq kontentni qidirsa, bu haqda ularning ota-onalariga xabar berish tizimini joriy qilmoqda. Bu haqda kompaniya bayonotiga tayanib, CBS News xabar beradi.
Xavfsizlik funksiyasi qanday ishlaydi?
Kelasi haftadan boshlab Instagram’ning “nazorat vositalari”dan foydalanadigan ota-onalar farzandlari qisqa vaqt ichida o‘ziga zarar yetkazishga oid atamalarni qayta-qayta qidirsa, maxsus bildirishnoma oladi. Ogohlantirish xabari elektron pochta, SMS, WhatsApp yoki ilovaning o‘zidagi bildirishnoma orqali yuboriladi.
Kompaniyaning ta’kidlashicha, xabarda nafaqat qidiruv haqidagi ma’lumot, balki ruhiy salomatlik bo‘yicha nozik suhbatlarni qanday tashkil etish borasida foydali kontent ham taqdim etiladi.
“O‘smirlarning aksariyati Instagram’da o‘z joniga qasd qilishga oid kontentni qidirmaydi. Agarda shunday holat kuzatilsa, bizning siyosatimiz bunday qidiruvlarni bloklash va foydalanuvchini yordam ko‘rsatuvchi xizmatlar hamda ishonch telefonlariga yo‘naltirishdan iborat”, deyiladi Meta xabarida.
Hozircha ota-onaga xabar yuborilishi uchun necha marta qidiruv amalga oshirilishi kerakligi ochiqlanmadi. Kompaniya faqatgina “ehtiyotkorlik chorasi sifatida qisqa vaqt ichida bir necha bor urinish” kifoya qilishini bildirdi.
Yangi xavfsizlik tizimi dastlab AQSH, Buyuk Britaniya, Avstraliya va Kanadada ishga tushadi. Yil yakuniga qadar esa boshqa mintaqalarda ham joriy etilishi rejalashtirilgan.
Ma’lumot o‘rnida, 2025-yilning oktyabr oyida Meta 18 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilar uchun “alkogol” yoki “qonli shafqatsizlik” (gore) kabi atamalarni qidirishni cheklab qo‘ygan edi. Shuningdek, o‘smirlar uchun o‘z joniga qasd qilish va
haddan tashqari ovqatni cheklash yoki aksincha paydo bo‘ladigan psixologik buzilishlar b
ilan bog‘liq qidiruv natijalari allaqachon yopib qo‘yilgan.
Sud jarayoni va yoshni tasdiqlash muammosi
Ushbu yangi funksiyalar Los-Anjelesda Meta va YouTube ustidan davom etayotgan sud jarayonlari fonida joriy etilmoqda. Kompaniyalar o‘smirlarda ijtimoiy tarmoqlarga qaramlikni ataylab shakllantirishda ayblanmoqda.
O‘tgan haftada Meta rahbari Mark Sukerberg Instagram’ning yosh foydalanuvchilari borasida so‘roq qilingan edi. Instagram qoidalariga ko‘ra, foydalanuvchi kamida 13 yoshda bo‘lishi kerak, biroq Sukerberg sudda o‘smirlar yoshini ko‘pincha yashirishini va buni nazorat qilish qiyinligini tan oldi. Hozirda yoshni tekshirish uchun Instagram tug‘ilgan kun ma’lumotlari, shaxsni tasdiqlovchi hujjat va video-selfi talab qilmoqda.
Avvalroq Instagram endilikda videolarni televizor orqali ham ko‘rish imkonini berayotgani haqida xabar qilingan edi. Platforma AQSHda Google TV qurilmalari uchun mo‘ljallangan maxsus TV ilovasini ishga tushirdi.








