Nigeriyaning Adamava shtatida sodir etilgan ikki alohida hujum oqibatida kamida 25 kishi hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda “Asharq al-Avsat” xabar berdi.
Bozordagi qirg‘in
Kamerun bilan chegara hududidagi Madagali va Xong shaharchalarida yuz bergan hujumlar “Boko Haram” ekstremistik guruhi tomonidan amalga oshirilgani aytilmoqda.
Seshanba, 24-fevral kuni kechqurun Madagalidagi bozorga motosikllarda kelgan qurolli shaxslar odamlarga qarata tartibsiz ravishda o‘t ochgan. Mahalliy hukumat vakilining anonim tarzda ma’lum qilishicha, hujum joyida 21 kishi halok bo‘lgan.
“Biz hali ham boshqa jasadlarni qidirmoqdamiz, chunki ba’zilar qochishga urinib, o‘rmonzorlarda o‘q jarohatlaridan vafot etgan bo‘lishi mumkin”, dedi manba.
Jangarilar bozorni talab, oziq-ovqat mahsulotlari va mototsikllarni o‘g‘irlab ketgan.
Qo‘shni Xong shaharchasida sodir etilgan hujumda esa yana 4 kishi, jumladan, uch nafar askar va bir ayol halok bo‘lgan. Mahalliy fuqaro Ezekiyel Musaning so‘zlariga ko‘ra, jangarilar shaharni tark etayotgan vaqtda ushbu qotilliklarni sodir etgan. Hududga qo‘shimcha xavfsizlik kuchlari joylashtirilganiga qaramay, mahalliy aholi qo‘rquv tufayli shaharni tark eta boshlagan.
Shtat gubernatori Adamu Umaru Fintiri hujumni keskin qoralab, bayonot berdi. U rasmiy qurbonlar sonini ochiqlamagan bo‘lsa-da, terrorchilarga qarshi qat’iy choralar ko‘rilishini ta’kidladi.
Terrorchilarning tinchlik va barqarorlikni tiklash borasidagi sa’y-harakatlarimizga putur yetkazishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Jinoyatchilarni ogohlantiraman: bu ma’nosiz hujumlarni to‘xtating, aks holda jamoaviy qat’iyatimizning bor og‘irligiga duch kelasiz, deyiladi gubernator bayonotida.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2009-yildan buyon Nigeriya shimoli-sharqida “Boko Haram” va uning raqibi — “ISHID G‘arbiy Afrika provinsiyasi” guruhi olib borayotgan qurolli nizolar oqibatida 40 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan, 2 milliondan ortiq kishi o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan.
Mazkur mojaro qo‘shni Niger, Chad va Kamerun davlatlariga ham tarqalgan bo‘lib, bu ushbu guruhlarga qarshi kurashish uchun mintaqaviy harbiy koalitsiya tuzilishiga sabab bo‘lgan.








