Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud (XJS) 23-fevral kuni Filippinning sobiq prezidenti Rodrigo Dutertega qo‘yilgan ayblovlarni tasdiqlash bo‘yicha eshituvlarni boshladi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.
Sobiq prezident 2011–2019-yillarda mamlakatda olib borilgan giyohvandlikka qarshi kampaniya davomida kamida 78 kishining o‘limida ayblanmoqda. 80 yoshli Duterte qariyb bir yildan beri Niderlandiyada hibsda saqlanmoqda. U himoya tomonining iltimosiga ko‘ra, sud tomonidan qanoatlantirilgan ariza asosida dastlabki eshituvda ishtirok etmadi.
“U qotilliklar sodir etishga ruxsat bergan va ba’zi qurbonlarni shaxsan o‘zi tanlagan”, dedi XJS prokurori o‘rinbosari Mame Mandiaye Niang.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rodrigo Duterte giyohvand moddalar savdosi va ularni iste’mol qilishda gumon qilingan shaxslarni sudsiz qatl etishda muhim rol o‘ynagan. Bu jarayon dastlab u Davao shahri meri bo‘lgan davrda, 2016-yildan esa prezident bo‘lganida davom etgan.
Xalqaro jinoiy sud prokurori o‘rinbosari Gaagadagi eshituvlar boshlanishini “hokimiyatdagilar ham qonundan ustun emasligini eslatish” deb atadi. Bir haftalik eshituvlardan so‘ng sudyalar Dutertega qarshi to‘liq sud jarayonini boshlash masalasini hal qiladi. Qaror may oyida e’lon qilinishi kutilmoqda.
Himoya tomoni: Duterte aybsiz
Filippin sobiq prezidentining advokati Nikolas Kaufman barcha ayblovlarni rad etib, ularni “o‘ta asossiz va siyosiy sabablarga ko‘ra ilgari surilgan” deb baholadi.
“U o‘zini jamiyatga xizmat qilishga, hayotini esa qonun va tartibga bag‘ishladi”, dedi Kaufman. U Duterteni har doim kam ta’minlangan qatlam manfaatlarini himoya qilgan “xalq prezidenti” deb ta’riflagan.
Huquq himoyachilari: 30 mingga yaqin qurbon
Rodrigo Duterte Davao meri va keyinchalik Filippin prezidenti bo‘lgan davrida giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatchilikka qarshi tinimsiz kurash olib bordi. Huquq himoyachilari hisob-kitoblariga ko‘ra, bu kampaniya oqibatida qariyb 30 ming kishi halok bo‘lgan. 2025-yil mart oyida Duterte XJS orderi asosida Filippinda hibsga olinib, Gaagadagi sudga topshirilgan.








