Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy uchinchi jahon urushi allaqachon boshlanganini aytdi va mamlakat Rossiya bilan urushda gʻalaba qozonishini taʼkidladi. Bu haqda u BBC’ga bergan intervyusida maʼlum qildi.
Zelenskiy suhbat davomida Donbass masalasiga ham to‘xtaldi. Xususan, Rossiya o‘n minglab askarini yo‘qotganiga qaramay to‘liq egallay olmagan bu hududlardan Ukraina qo‘shinlari chiqmasligini aytdi. U Putinning talab qilayotgan o‘t ochishni to‘xtatish bitimi evaziga hududiy yon berishga qarshiligini taʼkidladi.
Zelenskiyga ko‘ra, Putin allaqachon uchinchi jahon urushini boshlab yuborgan va uni to‘xtatishning yagona yo‘li — kuchli harbiy hamda iqtisodiy bosim o‘tkazib, uni ortga chekinishga majbur qilishdir.
Menimcha, Putin uni (uchinchi jahon urushini) allaqachon boshlagan. Masala shundaki, u qancha hududni egallay oladi va uni qanday to‘xtatish mumkin... Rossiya dunyoga boshqacha turmush tarzini majburan singdirmoqchi va odamlar o‘zi uchun tanlagan hayotni o‘zgartirmoqchi, dedi u.
Hozirda Rossiya Donetsk viloyatining qariyb 20 foizini nazorat qilmoqda, biroq tinchlik bitimi doirasida butun hududni talab qilmoqda. Zelenskiy esa urushni hozirgi front chizigʻida “muzlatish”ni ilgari surgan. U Donetsk, Xerson va Zaporojye viloyatlarining bir qismini Rossiyaga topshirish mutlaqo qabul qilib boʻlmasligini aytgan.
Men bu hududlarga oddiy yer sifatida qaramayman. Men buni o‘z pozitsiyamizni zaiflashtirish, u yerda yashovchi yuz minglab odamlarimizni tashlab ketish deb bilaman. Bu “chekinish“ jamiyatimizni boʻlib yuborishimizga ishonchim komil, dedi u.
Zelenskiy hududiy yon berish Putinni kelajakda urushni qayta boshlashdan toʻxtatmasligini ham taʼkidladi. Uning fikricha, Rossiya prezidenti bunday tanaffusdan kuch toʻplash uchun foydalanadi.
AQSH prezidenti Donald Tramp Jenevada o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha so‘nggi muzokaralar arafasida “Ukraina tezroq stolga o‘tirgani ma’qul”, degan edi. U Rossiyaga nisbatan emas, Ukrainaga ko‘proq bosim o‘tkazayotgani aytilmoqda. BBC jurnalisti Zelenskiydan AQSH prezidenti bu borada qanchalik haqli ekanini so‘radi.Ehtimol, bu Putinni bir muncha vaqt qoniqtirar... unga pauza kerak... ammo u tiklanib olgach, yevropalik hamkorlarimiz bu uch-besh yil davom etishi mumkinligini aytmoqda. Menimcha, u bir-ikki yildan keyin tiklanib olishi mumkin. Keyin u qayerni koʻzlaydi? Biz bilmaymiz, lekin uning (urushni) davom ettirishni xohlashi fakt, dedi Ukraina rahbari.
Hozir siz Kiyevdasiz, vatanimiz poytaxtidasiz, Ukrainadasiz. Buning uchun juda minnatdorman. Yutqazamizmi? Albatta, yo‘q, chunki biz Ukraina mustaqilligi uchun kurashmoqdamiz, deya javob berdi Ukraina rahbari jurnalistga.








