Ikki vazn toifasida sobiq UFC chempioni Konor Makgregor besh yillik tanaffusdan so‘ng professional sportga qaytishga tayyorligini bildirdi.
37 yoshli sportchi o‘zining X (sobiq Twitter) sahifasida navbatdagi jangi bo‘yicha kelishuvga erishgani va hozirda rasmiy shartnomani kutayotgani haqida post qoldirdi.
“Ehtimol, keyingi raqibim unchalik tanilmagan yigit bo‘ladi. Umuman olganda, menga farqi yo‘q, men barchasiga roziman. Shartnomani yuboring, yigitlar. Konor Makgregor kelishuvga tayyor”, deyiladi postda.
Garchi irlandiyalik jangchi ushbu xabarni ko‘p o‘tmay o‘chirib tashlagan bo‘lsa-da, bu uning yaqin oylarda oktagonga qaytishidan dalolat beradi.
Eslatib o‘tamiz, Konor Makgregor 2021-yil iyuldan buyon jang o‘tkazmayapti. U oxirgi marta UFC 264 turnirida qatnashgan bo‘lib, birinchi raundda oyog‘idagi jarohat tufayli texnik nokaut evaziga Dastin Poryega yutqazgandi. Konor professional faoliyati davomida 28 ta jang o‘tkazgan bo‘lib, 22 g‘alaba va 6 mag‘lubiyat qayd etgan.
2026-yilning iyun oyiga rejalashtirilgan jang oqshomi uning qaytishi uchun asosiy maydon bo‘lishi mumkin. UFC AQSH mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan Oq uyda turnir o‘tkazishni rejalashtirgan. Turnir 2026-yil 14-iyun kuni, Donald Trampning 80 yoshlik tug‘ilgan kunida bo‘lishi aytilmoqda. Konor aynan shu musobaqada jang qilishi va hatto Maykl Chendler bilan jang qilishga tayyorligini bildirgan.








