Daryo

Bektemir Meliqo‘ziyev AQSHdagi boks oqshomida ganalik Sena Agbeko ustidan g‘alaba qozondi (video)

Yettinchi raundda raqibini texnik nokautga uchratgan Meliqo‘ziyev o‘ziga tegishli bo‘lgan WBA qit’alararo chempionlik kamarini muvaffaqiyatli himoya qildi.

1 daqiqa o‘qish50 587 ko‘rishlar0 izoh105

AQSHning Nevada shtati Las Vegas shahrida o‘tkazilgan professional boks oqshomida o‘zbekistonlik Bektemir Meliqo‘ziyev navbatdagi jangini o‘tkazib, g‘alaba qozondi.

Supero‘rta vazn toifasida ishtirok etayotgan bokschi ganalik Sena Agbekoga qarshi ringga ko‘tarildi. Yettinchi raundda raqibini texnik nokautga uchratgan Meliqo‘ziyev o‘ziga tegishli bo‘lgan WBA qit’alararo chempionlik kamarini muvaffaqiyatli himoya qildi. Bu Bektemir uchun professional ringdagi 17-g‘alaba bo‘ldi.

Uchrashuv Bektemir uchun biroz qiyin boshlandi. Birinchi raundning o‘zida raqib boshi bilan zarba berib yuborishi natijasida o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustasining qoshi yorildi. Shunga qaramay, Meliqo‘ziyev jang nazoratini o‘z qo‘lida ushlab turdi va yakunda muddatidan oldin g‘alabaga erishdi.

Jangdan so‘ng Bektemir Meliqo‘ziyev o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi:

“Bu jangga xuddi avvalgilarida bo‘lgani singari jiddiy tayyorgarlik ko‘rgandim. Afsuski, birinchi raunddagi kutilmagan jarohat biroz pand berib qoldi. Raqibim bosh bilan zarba berib yubordi va natijada qoshim yorildi. Shunga qaramay, muhim g‘alabani qo‘lga kiritganimdan xursandman. Meni qo‘llab-quvvatlagan barchaga rahmat”.​

Ketma-ket ikkita muhim g‘alabadan so‘ng Bektemir endi asosiy maqsad sari harakat qilishini bildirdi:

“Maqsadim — jahon chempionlik kamari! O‘ylaymanki, tez orada bu kamarni O‘zbekistonga olib kelamiz. Men chempionlik jangiga tayyorman”, deya ta’kidladi bokschimiz.

Ma’lumot uchun, 29 yoshli Meliqo‘ziyev professional faoliyati davomida bunga qadar 17 ta jang o‘tkazib, 16 ta g‘alaba va 1 ta mag‘lubiyat qayd etgan edi. U 10 ta jangda raqiblarini muddatidan avval mag‘lub etgan. Bugungi g‘alaba uning prof-boksdagi 17-muvaffaqiyati bo‘ldi.

Qashqadaryo viloyatidanman. O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Bosma OAV fakulteti, Sport jurnalistikasi yo‘nalishini tugatganman. “Daryo”da 2025-yilning mart oyidan beri ishlayman va xabarlar hamda tahliliy maqolalar yozaman. Har yili Qozog‘istonning “Hokim” kinosini kamida bir marta ko‘raman. Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasini sevib o‘qiyman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar