FIFA prezidenti Janni Infantino va AQSH prezidenti Donald Tramp G‘azo sektoridagi futbol infratuzilmasini qayta tiklash loyihalari uchun 75 million dollar jalb qilishga qaratilgan yirik hamkorlik boshlanganini e’lon qildi. Bu haqda The Athletic nashri xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, ushbu tashabbus futbolni mintaqani qayta tiklash vositasi sifatida qo‘llashni nazarda tutadi. Dastur nafaqat sport obyektlari qurilishini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni, balki mahalliy aholiga yordam berish uchun dunyo futbol yulduzlarini mojarolar hududiga yuborishni ham o‘z ichiga oladi.
Mazkur kelishuv Tramp administratsiyasi tomonidan global mojarolarni tartibga solish uchun tashkil etilgan yangi diplomatik organ — “Tinchlik kengashi”ning (Council of Peace) birinchi yig‘ilishida ma’lum qilindi. Rejaga ko‘ra, butun dunyodan futbol afsonalari yoshlarni ruhlantirish va mintaqadagi gumanitar ehtiyojlarga e’tiborni qaratish maqsadida diplomatik missiya bilan G‘azoga tashrif buyurishadi.
“Faqat uylar, shifoxonalar va maktablarni tiklash kifoya qilmaydi. Biz odamlar, hissiyotlar va umidlarni ham tiklashimiz kerak. Mening sportim — futbol aynan shuni maqsad qilgan”, dedi Infantino ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab.
FIFA taqdim etgan uch bosqichli reja quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- 3–6 oy ichida: Maktablar va turar joylar yaqinida 50 ta FIFA Arena mini-maydonchalarini qurish;
- 12 oy ichida: Professional foydalanish uchun turli hududlarda 5 ta to‘liq o‘lchamli maydon barpo etish;
- 18 oydan 3 yilgacha bo‘lgan muddatda: Zamonaviy FIFA akademiyasi va 20 000 kishilik yangi milliy stadion qurish.
Kutilishicha, bu tashriflar nafaqat futbol madaniyatini tiklashga, balki mahalliy aholining yashash sharoitlarini yaxshilashga ham xizmat qiladi.








