Daryo

Tramp ma’muriyati G‘azoda 5 ming kishilik harbiy baza qurmoqchi — The Guardian

350 akrdan ortiq maydonni egallaydigan ulkan obyekt mintaqani boshqarish uchun tuzilgan yangi xalqaro kuchlarning asosiy qarorgohi bo‘lishi kutilmoqda.

2 daqiqa o‘qish3 815 ko‘rishlar0 izoh2

AQSH prezidenti Donald Tramp boshchiligidagi ma’muriyat G‘azo sektorida 350 akrdan ortiq maydonni egallaydigan, 5 ming kishiga mo‘ljallangan ulkan harbiy baza qurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda The Guardian nashri o‘z ixtiyoridagi Tinchlik kengashi shartnoma hujjatlariga tayanib xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, loyiha kelajakdagi “Xalqaro barqarorlashtirish kuchlari” uchun operatsion baza bo‘lib xizmat qiladi. G‘azoni boshqarish uchun yangi tashkil etilgan Tinchlik kengashiga shaxsan Donald Tramp raislik qilmoqda, uning kuyovi Jared Kushner esa kengash rahbarlaridan biri hisoblanadi.

BMT Xavfsizlik kengashi ushbu tuzilmaga G‘azoda vaqtinchalik xalqaro kuchlarni tashkil etish vakolatini bergan. “Xalqaro barqarorlashtirish kuchlari”ning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

  • G‘azo chegaralari xavfsizligini ta’minlash va tinchlikni saqlash;
  • tinch aholini himoya qilish;
  • tekshiruvdan o‘tgan Falastin politsiya kuchlarini tayyorlash va qo‘llab-quvvatlash.
Bazaning texnik parametrlari: bunkerlar va minoralar

Hujjatlarga ko‘ra, harbiy obyekt bir necha bosqichda quriladi va yakunda 1 400 metrga 1 100 metr o‘lchamdagi maydonni egallaydi. Baza quyidagi infratuzilmaga ega bo‘ladi:

  • treylerlarga o‘rnatilgan 26 ta zirhli kuzatuv minorasi;
  • o‘q otish poligoni, bunkerlar va harbiy texnika ombori;
  • butun bino atrofi tikanli simlar bilan o‘raladi.

Shuningdek, askarlar himoyasi uchun maxsus ventilyatsiya tizimiga ega, o‘lchami 6x4x2,5 metr bo‘lgan bunkerlar tarmog‘i barpo etiladi. Qurilish shartnomasida pudratchi zimmasiga hududda geofizik tadqiqot o‘tkazish majburiyati yuklangan. Bu orqali HAMAS tomonidan qurilgan yerosti tunnellari va bo‘shliqlarni aniqlash ko‘zda tutilgan.

Qurilish joyi va “Inson qoldiqlari protokoli”

Baza G‘azo janubidagi tekislikda, sho‘ra va butazorlar bilan qoplangan, Isroil bombardimonlari oqibatida metall parchalari bilan to‘lib ketgan hududda qurilishi rejalashtirilgan.

“Hujjatning alohida qismi ‘Inson qoldiqlari protokoli’ga bag‘ishlangan. Agar qurilish jarayonida inson jasadlari yoki madaniy boyliklar topilsa, ish darhol to‘xtatilishi va buyurtmachi xabardor qilinishi shart qilib belgilangan”, deyiladi xabarda. 

Ma’lumot o‘rnida, hozirda G‘azo fuqaro mudofaa agentligi vayronalar ostida kamida 10 ming falastinlikning jasadi qolib ketganini taxmin qilmoqda.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar