Peru Kongressi bolalar nikohini yoqlab chiqqan 80 yoshdan oshgan so‘l qanot deputati Xose Mariya Balkazarni mamlakatning muvaqqat prezidenti etib sayladi. U aprel oyida o‘tkaziladigan umumiy saylovlargacha davlatni boshqaradi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.
Balkazar 2016-yildan buyon Peruning to‘qqizinchi prezidenti bo‘ldi. Kutilmagan saylov jarayonida u konservativ nomzod — Marya del Karmen Alvani mag‘lub etdi. Bu qaror parlament 17-fevral kuni atigi to‘rt oy ishlagan prezident Xose Xerini xitoylik tadbirkorlar bilan yashirin uchrashuvlar o‘tkazgani bilan bog‘liq mojaro ortidan lavozimidan chetlatganidan so‘ng qabul qilindi.
So‘l qanotdagi Peru Libre partiyasi vakili Balkazar 18-fevral kuni to‘rt soat davom etgan majlisdan so‘ng qasamyod qildi. Dastlabki ovoz berishda to‘rt nomzoddan hech biri ustunlikka erishmadi. Ikkinchi turda esa Balkazar Alvani ortda qoldirdi.
Uning saylanishi o‘ng qanot partiyalar orasida keskin tanqid va o‘zaro ayblovlarga sabab bo‘ldi. Ayni paytda, siyosiy chap qanotning ayrim vakillari bu qarorni olqishladi.
Mojaroli bayonotlar
Balkazarning kutilmagan g‘alabasidan so‘ng uning avvalgi bayonotlari Peruda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. U ilgari 14 yoshdan boshlab qizlarning o‘qituvchilar bilan jinsiy munosabatda bo‘lishini oqlovchi fikrlar bildirgan edi.
2023-yilda sobiq mintaqaviy oliy sud sudyasi bo‘lgan Balkazar bolalar nikohini taqiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasiga qarshi chiqqan va unga qarshi ovoz bergan yagona deputat bo‘lgandi. U taqiq faqat 14 yoshgacha bo‘lganlarga nisbatan qo‘llanishi kerakligini aytgan.
“14 yoshdan keyin hech qanday to‘siq bo‘lmasligi kerak. Hamma jinsiy munosabatda bo‘ladi — erkak o‘qituvchilar o‘quvchilar bilan, ayol o‘qituvchilar o‘quvchilar bilan, o‘quvchilar o‘zaro. Bu normal holat”, degan u o‘shanda jurnalistlarga.
Keyinchalik siyosatchi uning so‘zlari kontekstdan uzib olinganini ta’kidlagan.
Parlamentning ta’lim qo‘mitasi rahbari sifatida u o‘qituvchilarning o‘quvchilar bilan jinsiy aloqasi “foydali bo‘lishi mumkin”ligini ham aytgan. Peru Ayollar vazirligi o‘sha paytda bayonot bilan chiqib, Balkazar fikrlarini “maktab yoshidagi bolalar va o‘smirlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikni oqlash” deya keskin qoralagan.
Payshanba, 19-fevral kuni milliy radioga bergan intervyusida esa u: “Men fikrimni o‘zgartirmayman, e’tiqodim qat’iy”, deya bayon qildi.
Boshqa ayblovlar
Bundan tashqari, Balkazar tug‘ilib-o‘sgan Lambayeke mintaqasida advokatlar uyushmasiga rahbarlik qilgan davrida mablag‘larni o‘zlashtirganlikda gumon qilinib, tergov qilingan. U 2022-yilda intizomiy komissiya qarori bilan uyushmadan chiqarilgan.
Siyosatchi, shuningdek, sobiq prezident Pedro Kastilloni ozod etishini bildirgan. Kastillo 2022-yil dekabr oyida Kongressni tarqatib yuborib, farmonlar bilan boshqarishga uringanlikda aybdor deb topilib, Peru Oliy sudi tomonidan 11 yil 5 oy 15 kun muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.
Balkazar 28-iyulgacha — yangi prezident lavozimga kirishguniga qadar mamlakatni boshqarishi kutilmoqda. Peruliklar 12-aprel kuni saylov uchastkalariga boradi, iyun oyida esa ikkinchi tur o‘tkazilishi mumkin.








