Vengriya va Slovakiya 18-fevral kuni Ukrainaga dizel yonilg‘isi yetkazib berishni to‘xtatishini e’lon qildi. Bunga “Drujba” quvuri orqali Rossiya nefti tranziti borasidagi kelishmovchiliklar sabab qilib ko‘rsatilmoqda. Vengriya tomoni Kiyevni “siyosiy shantaj”da ayblamoqda.
Tranzit to‘xtashi va “Drujba”dagi nosozlik
Rossiyadan Vengriya va Slovakiyaga neft tashish 2026-yilning 27-yanvar kuni to‘xtab qolgan edi. OAV xabarlariga ko‘ra, neft quvuri Ukraina hududida Rossiya aviatsiyasi bergan zarbalar oqibatida shikastlangan.
Biroq Budapesht va Bratislava bu vaziyatni Ukrainadan Rossiya energiyasidan butunlay voz kechishni talab qilayotgan Kiyevning bosimi deb baholamoqda.
Vengriyaning qat’iy talabi
Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyarto Ukrainaga nisbatan keskin bayonot bilan chiqdi.
“Ukrainaga dizel yonilg‘isi yetkazib berish to‘xtatildi. Toki ukrainaliklar ‘Drujba’ quvuri orqali Vengriyaga xom neft yetkazib berishni qayta tiklamas ekan, dizel eksporti ham tiklanmaydi”, dedi vazir.
Siyartoning ta’kidlashicha, Ukrainada quvurni ta’mirlash uchun yetarli vaqt va imkoniyat bor, biroq buni amalga oshirmaslik — Ukraina prezidentining shaxsan o‘zi qabul qilgan siyosiy qarordir.
Slovakiya ichki bozorni himoya qilmoqda
Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso hukumati ham xuddi shunday chora ko‘rdi. Davlat nazoratidagi Slovnaft neftni qayta ishlash zavodi eksportni to‘xtatib, bor e’tiborini ichki bozorga qaratadi.
“Slovnaft Ukrainaga va boshqa har qanday yo‘nalishga dizel eksportini to‘xtatmoqda. Endilikda qayta ishlangan barcha mahsulot faqat Slovakiya bozori uchun mo‘ljallanadi”, deya ta’kidladi Fitso.
Xorvatiya varianti va Yevrokomissiya munosabati
Vengriya va Slovakiya Yevropa Komissiyasiga murojaat qilib, Rossiya neftini Xorvatiya portlari orqali tashishga ruxsat berishni so‘ragan. Biroq Xorvatiya Rossiya neftining tranziti AQSH sanksiyalarini buzishi mumkinligini vaj qilib, bu so‘rovni rad etgan.
Yevropa Komissiyasi esa 17-fevral kuni Vengriya va Slovakiyaning energetika xavfsizligiga hech qanday tahdid yo‘qligini, har ikki davlatda ham yetarli zaxiralar mavjudligini bildirdi. Ma’lumot o‘rnida, Rossiyaning infratuzilmaga bergan zarbalari tufayli Ukraina ayni damda qishki energetik inqirozni boshdan kechirmoqda.








