Polsha prezidenti Karol Navrotskiy uning mamlakati yadroviy loyihaga qoʻshilishi tarafdori ekanini aytdi. Bu haqda siyosatchi Polsat News telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Navrotskiy xalqaro beqarorlik va noaniqlik sharoitida Polsha “barcha xalqaro me’yorlarga rioya qilgan holda” ish boshlashi kerakligini aytdi.
“Biz qurolli mojarolar chegarasida turgan davlatmiz. Tajovuzkor, imperiyachi Rossiya federatsiyasining Polshaga munosabati qandayligi ma’lum”, dedi Navrotskiy.
U Polsha xavfsizligini “hatto yadro salohiyatiga tayanib bo‘lsa ham” mustahkamlash tarafdori ekanini ta’kidladi. Shuningdek, Polsha yadro dasturi ustida ish boshlasa, Moskva qanday choralar ko‘rishi mumkinligi haqidagi savolga javoban Navrotskiy “Rossiya istalgan narsaga agressiv munosabat bildirishi mumkin”ligini aytdi.
Polsha avval ham kamida o‘z hududida AQSHning yadro qurolini joylashtirishga tayyor ekanini bir necha bor bildirgan. Xususan, mamlakatning avvalgi prezidenti Anjey Duda 2025-yil bahorida shunday taklif bilan chiqqan edi. O‘shanda u Rossiya agressiyasini jilovlash maqsadida AQSHni yadro kallaklarini Polsha hududiga ko‘chirishga chaqirgan.
Kimda qancha yadro quroli bor?
Dunyo bo‘yicha hozirda to‘qqizta davlatda yadro qurollari mavjud. Shulardan beshtasi — Buyuk Britaniya, Xitoy, Rossiya, AQSH va Fransiya hisoblanadi. Ular rasmiy yadro davlatlari maqomini olgan, bu maqom 1968-yilgi Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomada belgilangan.
2025-yil yanvar holatiga ko‘ra, dunyoda 12 241 ta yadroviy kallak mavjud edi. Barcha yadro qurollari zaxiralarining qariyb 90 foizi va hisobdan chiqarilgan barcha jangovar kallaklar Rossiya (4 309 ta)va AQSH hissasiga (3 700 ta)to‘g‘ri keladi.
Xitoy arsenalida 600 ta jangovar kallak mavjud. Xitoyning zaxiralari boshqa yadroviy davlatlarga qaraganda tezroq o‘sib bormoqda (2023-yildan beri yiliga taxminan 100 ta jangovar kallak). 2030-yillarning boshiga kelib Xitoy Rossiya va AQSHda bo‘lgani kabi ko‘plab qit’alararo ballistik raketalarni qurishi mumkin. Ammo Pekin 2035-yilga kelib 1,5 mingta yadroviy kallakka ega bo‘lsa ham, bu Vashington va Moskvaga nisbatan atigi uchdan bir qismni tashkil etadi.








