Indoneziya G‘azo sektoriga yuborish uchun 8 ming nafargacha harbiy tayyorlayotganini ma’lum qildi. Bu haqda BBC xabar berdi.
2025-yil oxirida AQSH vositachiligida G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv imzolangan. Indoneziya harbiylari mazkur kelishuvning ikkinchi bosqichi doirasida yuborilishi rejalashtirilmoqda. Indoneziya armiyasi shtab boshlig‘i, general Maruli Simanjuntak askarlar uchun mashg‘ulotlar allaqachon boshlanganini aytdi.
Yanvar oyida AQSH prezidenti Donald Tramp tomonidan e’lon qilingan “Tinchlik kengashi” tuzilmasiga Indoneziya ham qo‘shilgan. Ushbu tuzilma BMT Xavfsizlik kengashi mandati asosida G‘azoda Xalqaro barqarorlashtirish kuchlarini shakllantirishni nazarda tutadi. Kengash chegaralarni qo‘riqlash, hududni demilitarizatsiya qilish hamda HAMASni qurolsizlantirish jarayoniga ko‘maklashishi kerak. 19-fevral kuni Vashingtonda “Tinchlik kengashi”ning birinchi yig‘ilishini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Ta’kidlanishicha, Indoneziya harbiylari G‘azoda, asosan, tibbiy va muhandislik vazifalarini bajaradi. Biroq qo‘shinlarni joylashtirish va ularning aniq roli hozircha ochiqlanmagan.
Isroilning Kan teleradiokompaniyasi xabariga ko‘ra, G‘azoning janubida — Rafah va Xon Yunus o‘rtasidagi hududda — Indoneziya armiyasi uchun bir necha ming askarga mo‘ljallangan kazarma qurishga yer ajratilgan.
Shu bilan birga, Turkiya va Pokiston ham o‘z qo‘shinlarini Gʻazoga yuborish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Biroq ular faqat tinchlikparvar missiya doirasida ishtirok etishini va HAMASni qurolsizlantirish jarayonida qatnashmasligini bildirgan.
Indoneziyaning “Tinchlik kengashi”ga qo‘shilish qarori ayrim guruhlar tomonidan tanqid qilindi. Mamlakatda Isroilning G‘azoni bombardimon qilishida AQSHning roli sabab jamoatchilik noroziligi kuchaygan.
Biroq prezident Subianto Prabovo Indoneziya dunyodagi eng yirik musulmon davlati sifatida G‘azoni barqarorlashtirishga hissa qo‘shishi kerakligini ta’kidladi. U Indoneziyaning kengashdagi ishtiroki Isroil-Falastin mojarosini hal etishga yordam berishini bildirdi.








