Milliarder futbolchi Krishtianu Ronaldu do‘kon sotuvchisi va sobiq ofitsiant Jorjina Rodriges bilan tanishganida, bu zamonaviy ertakning boshlanishi bo‘lgan edi. Tasodifiy uchrashuv, “bir qarashda sevgi” va oddiy hayotdan hashamat sari yo‘l. Bu hikoya hanuzgacha millionlab muxlislarni ilhomlantirib keladi.
1985-yilda Madeyra orolida tug‘ilgan Ronaldu bugungi kunda futbol tarixidagi eng mashhur sportchilardan biri sanaladi. 23 yildan ortiq davom etayotgan professional faoliyati davomida portugaliyalik hujumchi nafaqat sport, balki moliyaviy jihatdan ham ulkan cho‘qqilarni zabt etdi. Turli manbalarga ko‘ra, uning umumiy boyligi 2026-yilga kelib 500 million funt sterlingdan oshgan.
41 yosh bo‘lishiga qaramay, Ronaldu faoliyatini Saudiya Arabistonining “An-Nassr” klubi safida davom ettirmoqda va jamoaning asosiy yetakchilaridan biri hisoblanadi. U Saudiya futbolining global miqyosda ommalashishida muhim rol o‘ynab, liga ramziga aylangan.
Faoliyati davomida Ronaldu Lissabonning “Sporting”, Angliyaning “Manchester Yunayted”, Ispaniyaning “Real Madrid”, Italiyaning “Yuventus” klublari hamda Portugaliya terma jamoasi safida yorqin o‘yinlar namoyish etdi. Ayniqsa, “Real Madrid”dagi davri uning futbolchilik faoliyatidagi eng muvaffaqiyatli bosqich sifatida e’tirof etiladi.
Portugaliyalik hujumchi hozirga qadar 35 dan ortiq jamoaviy sovrinlarni qo‘lga kiritgan. U besh bor “Oltin to‘p”, to‘rt marta oltin butsa, besh bor UEFA Chempionlar Ligasi, shuningdek, Yevropa chempionati va Millatlar Ligasi g‘olibi bo‘lgan. Ronaldu Chempionlar Ligasi tarixidagi eng ko‘p gol urgan futbolchi sifatida rekordchi ham hisoblanadi.
U professional faoliyati davomida 1100 dan ortiq rasmiy uchrashuvda maydonga tushib, klub va terma jamoalar safida 961 ta gol muallifiga aylangan. Bu ko‘rsatkichlar uni qanchalar mashhur va iqtidorli futbolchi ekanligini isbotlaydi.
Ronalduning shaxsiy hayoti
Krishtianu Ronaldu shaxsiy hayotini doimo ommadan yiroq tutishga harakat qilgan. 2010-yil iyun oyida AQSHda uning birinchi farzandi — Krishtianu Junior dunyoga kelgan. Futbolchi bolaning onasi kimligini oshkor qilmagan va to‘liq vasiylikni o‘z zimmasiga olganini bildirgan. Bugungi kunda Ronaldu Junior otasining izidan borib, futbol bilan jiddiy shug‘ullanmoqda.
2017-yil 8-iyunda Ronaldu egizak farzandlar — Mateo va Eva Mariyaning otasi bo‘ldi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, ular surrogat ona orqali tug‘ilgan.
Ronalduning otasi Joze 2005-yilda spirtli ichimliklar bilan bog‘liq jigar xastaligi sabab 52 yoshida vafot etgan. Shundan so‘ng futbolchi sog‘lom turmush tarziga qat’iy amal qilib keladi: u spirtli ichimlik ichmasligini ta’kidlab keladi, muntazam ravishda qon va suyak iligi donorligida qatnashadi.
Ronaldu xayriya ishlari bilan ham tanilgan. Xususan, 2015-yilda Nepalda yuz bergan vayronkor zilzila oqibatlarini bartaraf etish uchun 5 million funt sterling xayriya qilgan. O‘shanda u dunyoning eng saxovatli sportchilaridan biri sifatida e’tirof etilgan.
Ronaldu va Jorjina qachon tanishgan?
2016-yilda Jorjina Rodriges 22 yoshda bo‘lib, Madriddagi “Gucci” do‘konida sotuvchi bo‘lib ishlagan va haftasiga taxminan 250 funt sterling maosh olgan. U Ispaniyaning Xaka qishlog‘ida kamtarona oilada ulg‘aygan. Otasi — argentinalik Xorxe sobiq futbolchi, onasi Ana esa ispaniyalik bo‘lgan.
Bolaligida Jorjina balerina bo‘lishni orzu qilgan, biroq oilaning moliyaviy imkoniyati bunga yo‘l qo‘ymagan. Dastlab ofitsiant bo‘lib ishlagan, keyinchalik San-Sebastyanda “Massimo Dutti” do‘konida ish boshlagan.
2012-yilda ingliz tilini o‘rganish maqsadida 17 yoshida Angliyaga ko‘chib, Bristol shahrida enaga bo‘lib ishlagan. Ispaniyaga qaytgach, Madridda “Gucci” do‘konida ish topgan va aynan shu yerda Krishtianu Ronaldu bilan tanishgan. Jorjina keyinchalik bu uchrashuvni “ikkovimiz uchun ham bir qarashda sevgi” deb ta’riflagan. Bir necha kundan so‘ng ular moda tadbirida yana uchrashib, yaqinroq suhbatlashish imkoniga ega bo‘lgan.
2017-yilning 12-noyabrida Ronaldu va Jorjina Rodrigesning ilk farzandi — Alana Martina dunyoga keldi. Bu qizcha futbolchi hayotida alohida o‘rin egallaydi va ko‘pincha otasi bilan birga ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rinish beradi. 2022-yil Ronaldu oilasi uchun ham quvonchli, ham qayg‘uli bo‘ldi. Jorjina egizak farzandlarga homilador bo‘lib, Bella Esmeralda ismli qizaloq sog‘-salomat tug‘ildi. Biroq uning egizak akasi — Anxel tug‘ilish chog‘ida vafot etdi. Ronaldu bu yo‘qotishni hayotidagi eng og‘ir sinovlardan biri sifatida ta’riflagan.
2019-yilda ITV’ga bergan intervyusida Ronaldu Jorjina bilan “haqiqiy sevgi”ni topganini aytib, u bilan albatta rasmiy nikohdan o‘tishini bildirgan.
2025-yil 11-avgust kuni Ronaldu Jorjinaga turmush qurish taklifini berdi. Rodriges Instagram sahifasida yirik brilliant uzuk aks etgan suratni joylab, “Ha, birga bo‘lishni istayman. Hozirgi hayotimda ham, keyingisida ham”, deya izoh qoldirgan. Xabarlarga ko‘ra, juftlik 2026-yilda turmush qurishni rejalashtirmoqda.
Oila va hayot tarzi
Bugungi kunda Jorjina Ronaldu bilan birga besh nafar farzandni tarbiyalamoqda. U dunyodagi eng mashhur futbolchining turmush o‘rtog‘i (WAG) bo‘lsa-da, o‘zini oddiy va vazmin tutishini ta’kidlaydi.
Juftlik 18 million funt sterlinglik shaxsiy samolyot, hashamatli yaxta va Ronaldu egalik qiladigan “Bugatti Veyron” kabi qimmatbaho avtomobillarga ega. Shuningdek, Jorjina 2017–2018-yillarda Madridda moliyaviy hisob va soliqlar bo‘yicha tahsil olib, o‘z daromadini mustaqil boshqarishni maqsad qilganini bildirgan.
Krishtianu Ronaldu va Jorjina Rodriges hikoyasi bugun shunchaki mashhur futbolchi va uning turmush o‘rtog‘i haqida emas. Bu — mehnat va sabr uyg‘unligida shakllangan zamonaviy muvaffaqiyat timsolidir. Oddiy do‘kondan boshlangan tanishuv vaqt o‘tib dunyoning eng mashhur oilalaridan biriga aylandi, Ronaldu nafaqat futbol maydonidagi betakror futbolchi, balki mehribon ota sifatida ham o‘zini namoyon etmoqda.
Maydonda rekordlar, hayotda mas’uliyat, oilada esa mehr — Ronaldu va Jorjina hikoyasi davom etmoqda. Oldinda ularni yangi sovrinlar va oilaviy hayotdagi muhim lahzalar kutmoqda.








