O‘zbekiston milliy terma jamoasi hamda Turkiyaning “Bashakshehir” klubi hujumchisi Eldor Shomurodovni tarkibiga qo‘shib olish uchun Istanbulning “Fenerbahche” klubi yarim himoyachi — Fred va qo‘shimcha 6 million yevro taklif qilgan. Biroq “Bashakshehir” klubi braziliyalik futbolchi hamda yana 10 million yevro so‘ragan. Bu haqda turkiyalik sport jurnalisti Ersan Serdal xabar berdi.
Shuningdek, “Fenerbahche” jamoasining muxlislaridan iborat yirik sahifalardan birida Shomurodov transferi uchun Fred va qo‘shimcha mablag‘ berilishi borasida so‘rovnoma o‘tkazilgan.
TRT Sport xabariga ko‘ra, avvalroq “Bashakshehir” prezidenti Goksel Kumushdog‘ Shomurodovni sotish rejada yo‘qligini ma’lum qilgan.
Turkiyalik sport sharhlovchisi Ertem Sener Eldor Shomurodov va Fred o‘rtasidagi ehtimoliy almashinuv borasida o‘z fikrlarini bildirdi:
“Shomurodovni Fredga almashtirish bo‘lishi mumkinmi? Shomurodov haqida gapiryapmiz — u Jahon chempionatiga boradigan futbolchi. U hozir UEFA Yevropa Ligasida o‘ynay oladimi? Albatta, o‘ynaydi. Shomurodov juda katta hujumchi. Bu transfer amalga oshishi mumkin. Fred ham yomon futbolchi emas. Lekin ‘Fenerbahche’da Shomurodov juda ko‘p ish qila oladi. U bir teginishda aniq zarba berishda juda samarali ekanini alohida ta’kidlash mumkin. U jarima maydonida to‘p oyog‘iga kelishi bilanoq, juda ko‘p ijobiy fazilatlarini namoyon eta oladigan futbolchi. Shomurodov ‘Fenerbahçe’ga juda ko‘p narsa qo‘shishi mumkin. Bu klubda u ko‘p narsani boshdan kechirishi va muxlislarga ham ko‘p quvonch ulashishi mumkin. O‘zbek hujumchisi. Axir u ‘Roma’da nimalar qilganini eslaysizmi? ‘Roma’da juda sevimli hujumchi emasmidi? Ya’ni, u yerda yuqori saviyadagi o‘yin namunasini ko‘rsatgan futbolchi. Buni albatta alohida qayd etish kerak”, deydi Sener.
Avvalroq, Turkiya Superligasida chempionlik uchun kurash olib borayotgan “Fenerbahche” Shomurodovni transfer qilish masalasida “Bashakshehir” bilan muzokara o‘tkazgani xabar qilingan edi.
Unga ko‘ra, “Bashakshehir” futbolchi bilan xayrlashishga qarshi emas, biroq Eldorning transferi uchun 20 million yevro so‘ragan.
“Bashakshehir” Shomurodov transferi uchun jami 5,7 million yevro sarflagan. Klub mavsum boshida futbolchini 3 million yevro evaziga “Roma”dan ijaraga olgan edi. 2026-yil fevral oyida shartnomadagi 2,7 million yevroga sotib olish bandi faollashtirilgan. Shuningdek, kelishuvga ko‘ra, futbolchining keyingi transferidan olinadigan foydaning 10 foizi “Roma”ga beriladi.
Ayni paytda “Fenerbahche” Turkiya chempionati turnir jadvalida 46 ochko bilan 2-pog‘onani egallab turibdi. Klub yetakchi “Galatasaroy”dan 3 ochkoga ortda qolmoqda. Sentyabr oyidan beri jamoani germaniyalik Domeniko Tedesko boshqarib keladi.
Ma’lumot uchun, Eldor Shomurodov 2025-yil yozidan buyon “Bashakshehir” safida to‘p surib kelmoqda. Hujumchi shu vaqtga qadar klub tarkibida 29 ta uchrashuvda maydonga tushib, 15 ta gol va 5 ta assist qayd etgan. Ayni paytda u Turkiya Superligasining eng yaxshi to‘purari bo‘lib, chempionat doirasida 14 ta gol va 4 ta assist muallifiga aylangan.
Eslatib o‘tamiz, Fred faoliyatini Braziliyaning “Internasyonal” klubida boshlagan. 2013-yilda u “Shaktyor Donetsk” klubiga o‘tib, uch marta Ukraina Premyer Ligasi g‘olibi bo‘ldi. 2018-yilda “Manchester Yunayted”ga kelgan va 2023-yilda Angliya Kubogini qo‘lga kiritdi.
32 yoshli futbolchi doimiy tarzda Braziliya terma jamoasiga ham jalb etilgan. U 2014-yilda asosiy jamoada debyut qilgan. Shuningdek, 2018 va 2022-yilgi Jahon chempionatlari hamda 2021-yilgi Kopa Amerika turnirlarida ishtirok etgan.








