Daryo

Ozarbayjon Rossiyaga norozilik notasi yoʻlladi

Rossiyalik deputatning Ozarbayjon suvereniteti va hududiy yaxlitligiga qarshi chiqishlari, shuningdek, Armaniston fuqarolariga nisbatan chiqarilgan sud qarorlarini buzib ko‘rsatishga urinishlari qat’iyan qoralandi.

2 daqiqa o‘qish22 234 ko‘rishlar0 izoh22

Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi mamlakatdagi Rossiya elchisi Mixail Yevdokimovni chaqirtirib, unga norozilik notasi topshirdi. Bu haqda Ozarbayjon TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda Ozarbayjon tomoni Rossiya Davlat dumasining MDH ishlari, Yevrosiyo integratsiyasi va Rossiya bilan aloqalar bo‘yicha qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Konstantin Zatulinning bayonotiga keskin norozilik bildirgan. Gap Zatulinning Ozarbayjonda Armaniston fuqarolari sudlangani haqidagi fikrlari haqida bormoqda. Shu sababli Rossiya elchisiga tegishli norozilik notasi topshirilgan.

Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi Zatulin faoliyatini keskin qoralashini ma’lum qildi. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, u uzoq vaqtdan beri Ozarbayjon Respublikasining suvereniteti va hududiy yaxlitligiga qarshi chiqmoqda, ayirmachilikni qo‘llab-quvvatlashini ochiqchasiga namoyish etmoqda va Armaniston fuqarolariga nisbatan sud qarorlarini buzib ko‘rsatishga urinmoqda.

Bayonotda ta’kidlanishicha, gap tinchlik va insoniyatga qarshi jinoyatlar, shuningdek, Armanistonning Ozarbayjonga qarshi harbiy tajovuzi natijasida sodir etilgan jinoyatlar uchun aybdor deb topilgan va hukm qilingan shaxslar haqida ketmoqda.

Uchrashuvda Ozarbayjon tomoni Rossiyani bunday (Konstantin Zatulin nazarda tutilgan) shaxslarning buzg‘unchi faoliyatini to‘xtatish uchun choralar ko‘rishga chaqirdi. Shuningdek, bunday xatti-harakatlar mintaqadagi tinchlik va barqarorlikka, shuningdek, Ozarbayjon va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarga putur yetkazishi taʻkidlandi.

Zatulin qanday bayonot bergandi?

Boku harbiy sudi 5-fevral kuni tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ning sobiq besh nafar rahbarini umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. Ular orasida sobiq prezident Araik Arutyunyan, Mudofaa armiyasining sobiq qo‘mondoni Levon Mnatsakanyan va uning o‘rinbosari David Manukyan, sobiq tashqi ishlar vaziri David Babayan hamda parlamentning sobiq spikeri David Ishxanyan bor. Rossiyalik deputat hukmni ”qatagʻon” deb atab, Armaniston bosh vaziri Nikol pashinyanni tanqid qilgan.

“Aslida Bokuda Tog‘li Qorabog‘dagi arman aholisining Sovet Ittifoqi parchalanishi jarayonida namoyon bo‘lgan o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini qoralab, hukm chiqarishdi. Bu sud emas, balki qatag‘on edi”, deya da’vo qildi u. 

​Zatulin tan olinmagan Togʻli Qorabog‘ning sobiq rahbarlariga hukm, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning BAAda Shayx Zoid nomidagi “Insoniy birodarlik uchun” mukofotini olgandan keyingi kuni e’lon qilinganiga e’tibor qaratgan. U Armaniston bosh vazirini xoinlikda ayblab, Pashinyan Tog‘li Qorabog‘ni “topshirgani” va armanlarning mintaqadan “quvg‘in qilinishi”ga yo‘l qo‘yganini ta’kidlagan.

“Armaniston hukumati va Nikol Pashinyan o‘z vatandoshlari, do‘stlarimiz va hamkorlarimizni asirlikdan ozod qilish uchun hech qanday harakat qilmadi. Bu sharmandalik endi abadiy ular bilan qoladi”, degan edi u.

Zatulin norozilik notasining mazmunidan xabardor emasligini aytgan. Shu bilan birga, u yozuvchi Mark Tvenga tegishli “Eng ashaddiy o‘g‘ri o‘zini firibgarlarning ommaviy galereyasida ko‘rishni xohlamaydi” degan iqtibosni keltirgan.






Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar