Rossiya Tergov qo‘mitasi Qozog‘istonda halokatga uchragan Ozarbayjonga tegishli AZAL samolyoti bo‘yicha olib borilgan tergovni to‘xtatdi. Bu haqda Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jayxun Bayramov ma’lum qildi.
Vazir Rossiya Tergov qoʻmitasi rahbari Aleksandr Bastrikindan olingan maktubga tayanib shunday ma’lumot berdi. Bayramov ushbu qaror Ozarbayjon tomonida “jiddiy xavotir va savollarni keltirib chiqargani”ni ta’kidladi.
U Rossiyaning xatiga tegishli organlar tomonidan javob qaytarilganini maʻlum qildi.“Fojiaga(25-dekabr kuni)bir yil toʻldi. Men yana bir bor halok bo‘lganlarning oila a’zolariga chuqur hamdardlik bildiraman. Samolyot halokati faktini Rossiya tomoni tan olindi, shuningdek, kompensatsiya to‘lanishini e’lon qildi. Bu muhim bayonot. Biz ushbu jarayon oxiriga yetkazilishidan umidvormiz”, dedi Bayramov.
Aviahalokat haqida qisqacha
2024-yil 25-dekabr kuni Oqtov aeroportidan uch kilometr uzoqlikda Ozarbayjonning Azerbaijan Airlines (AZAL) aviakompaniyasining Embraer samolyoti ishtirokida fojiali aviahalokat yuz berdi. Boku—Grozniy reysini amalga oshirayotgan samolyot favqulodda qo‘nishga urinish chog‘ida halokatga uchradi. Bortda 62 nafar yo‘lovchi va 5 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. 38 kishi halok bo‘lgan, yana 29 kishi jarohatlangan.
Prezident Ilhom Aliyevning ta’kidlashicha, layner radioelektron kurash vositalari yordamida boshqarilmaydigan holatga keltirilgan va keyin Rossiya hududidan hujumga uchragan. Uchuvchilar Rossiyaning eng yaqin aeroportlaridan biriga favqulodda qo‘nishni so‘ragan, biroq ularga hamma joyda rad javobi berilgan, shundan so‘ng samolyot Kaspiy dengizini kesib o‘tib, Oqtov shahriga qulagan. Aliyev halokat uchun javobgarlikni Rossiyaga yuklab, aybdorlarni jazolashni talab qilgan edi.
Qozog‘iston hisoboti: samolyot jangovar qiz elementlari bilan shikastlangan
Qozog‘iston Transport vazirligi Oqtov shahri yaqinida halokatga uchragan samolyot bo‘yicha oraliq hisobotni e’lon qildi. Unga ko‘ra, layner jangovar qism elementlari bilan shikastlangan, biroq ushbu elementlarning qaysi tomonga tegishli ekani aniqlanmagan.
Aviahalokatni tekshirish doirasida aniqlangan begona metall buyumlar yuzasidan trasologik, ballistik, portlash-texnik va yong‘in-texnik ekspertizalar o‘tkazilgan. Natijada portlovchi moddalar izlari aniqlanmagan. Shuningdek, tekshiruv uchun taqdim etilgan uchta kislorod ballonida ham portlash alomatlari topilmagan.








