Daryo

Klublar yanvar oyidagi transferlar uchun qancha mablag‘ sarflagani ma’lum bo‘ldi

2026-yil yanvar oyida 5 ming 900 dan ortiq xalqaro transfer ro‘yxatdan o‘tgan. Bu ko‘rsatkich qishki transfer oynalari tarixidagi eng yuqori natija bo‘lib, bir yil avval o‘rnatilgan rekorddan 3 foizga ko‘p.

1 daqiqa o‘qish3 152 ko‘rishlar0 izoh1

FIFA e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, 2026-yilning yanvar oyidagi transfer oynasida erkaklar professional futbol klublari xaridlar uchun 1 milliard 900 million AQSH dollaridan ortiq mablag‘ sarflagan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yil yanvarida erkaklar professional futbolida 5 ming 900 dan ortiq xalqaro transfer ro‘yxatdan o‘tgan. Bu ko‘rsatkich qishki transfer oynalari tarixidagi eng yuqori natija bo‘lib, bir yil avval o‘rnatilgan rekorddan 3 foizga ko‘p. Shu bilan birga, umumiy transfer xarajatlari 2025-yil yanvariga nisbatan taxminan 18 foizga kamaygan, biroq 2023-yil yanvar ko‘rsatkichlaridan 20 foiz yuqori bo‘lgan.

Erkaklar futbolida transfer xarajatlari bo‘yicha Angliya klublari yetakchilik qildi. Ular yangi futbolchilar xaridi uchun 360 million AQSH dollaridan ortiq mablag‘ sarflagan. Shuningdek, eng ko‘p xarajat qilgan davlatlar beshligiga Italiya, Braziliya, Germaniya va Fransiya chempionatlari kirdi.

Ayni paytda, Fransiya klublari transferlardan eng katta daromad olgan mamlakat bo‘ldi — 215 million AQSH dollaridan ortiq. Keyingi o‘rinlardan Italiya, Braziliya, Angliya va Ispaniya klublari joy oldi. Erkaklar futbolida eng ko‘p kiruvchi transferlar Braziliyada qayd etildi, undan keyin Ispaniya, Argentina, Angliya va Portugaliya joy olgan. Eng ko‘p chiqish transferlari esa Argentinada bo‘lib, undan so‘ng Angliya, Braziliya, Ispaniya va AQSH joylashgan.

Ayollar professional futbolida ham 2026-yil yanvar oyi transfer oynasi xarajatlar bo‘yicha rekord natija qayd etildi. Klublar ilk bor transferlar uchun 10 million AQSH dollaridan ortiq mablag‘ sarfladi. Bu ko‘rsatkich 2025-yil yanvariga nisbatan 85 foizdan ko‘proqqa oshgan. Ushbu muddat ichida jami 420 dan ortiq xalqaro transfer amalga oshirilgan bo‘lib, bu bir yil avvalgi natijadan qariyb 6 foizga kam.

Ayollar futbolida ham Angliya klublari eng yirik xaridorlar amalga oshirgan bo‘lib, 5 million AQSH dollaridan ortiq mablag‘ sarflagan va eng ko‘p kiruvchi transferlarni amalga oshirgan.

Qashqadaryo viloyatidanman. O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Bosma OAV fakulteti, Sport jurnalistikasi yo‘nalishini tugatganman. “Daryo”da 2025-yilning mart oyidan beri ishlayman va xabarlar hamda tahliliy maqolalar yozaman. Har yili Qozog‘istonning “Hokim” kinosini kamida bir marta ko‘raman. Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasini sevib o‘qiyman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar