Qo‘shma Shtatlar prezidenti Donald Tramp Hindistondan import qilinadigan mahsulotlar uchun bojxona tariflarini 50 foizdan 18 foizgacha pasaytirishga rozi bo‘ldi. Buning evaziga Dehli ham savdo to‘siqlarini kamaytirishi, shuningdek Rossiyadan neftini sotib olishni to‘xtatishi kerak bo‘ladi. Reuters xabariga ko‘ra, Hindiston buning o‘rniga AQSH yo Venesueladan “qora oltin” xarid qilishi mumkin.
Agentlikning Oq uy mulozimiga tayanib ma’lum qilishicha, AQSH Rossiya neftini sotib olayotgani uchun “jazo chorasi” sifatida Hindiston mahsulotlariga qo‘yilgan qo‘shimcha 25 foizlik boj tariflarini ham bekor qilgan. Shuningdek, Dehli Qo‘shma Shtatlardan 500 milliard dollardan ortiq miqdorda energiya resurslari, texnologiya, qishloq xo‘jaligi va boshqa mahsulotlarini sotib olishga rozilik bildirgan.“Bosh vazir Modi bilan do‘stlik va hurmat tufayli, shuningdek, uning iltimosiga ko‘ra, AQSH–Hindiston savdo kelishuviga rozi bo‘ldik. U darhol kuchga kiradi. Qo‘shma Shtatlar endi o‘zaro bojlarni 25 foizdan 18 foizgacha tushiradi”, deya post qoldirgan Donald Tramp.
“Bugun aziz do‘stim prezident Tramp bilan suhbatlashganimdan xursandman. Made in India mahsulotlari endi AQSH bozoriga 18 foizlik bojlar bilan kirishini mamnuniyat bilan qabul qildim. Ushbu muhim qaror uchun Hindistonning 1,4 milliard aholisi nomidan prezident Trampga katta rahmat”, deb yozib qoldirgan Narendra Modi.

Kanada Osiyo-Tinch okeani jamg‘armasi vakili Vina Nadjibullaga ko‘ra, bu to‘liq savdo bitimidan ko‘ra bojlar bo‘yicha o‘zaro keskinlikni yumshatishga qaratilgan kelishuv bo‘lishi mumkin.
Rus nefti omili
Hindiston “qora oltin” bozorining eng yirik importchisi bo‘lib, u o‘z ehtiyojining qariyb 90 foizini tashqi manbalar hisobiga qoplaydi. Xususan, katta chegirmalar bilan sotilgan rus nefti mamlakatga energiya xarajatlarini kamaytirish imkonini bergan. Biroq so‘nggi oylarda Hindiston Rossiyadan neft xaridini qisqartira boshlagan. Ko‘rsatkich yanvarda kunlik 1,2 mln barrelni tashkil etgan bo‘lsa, fevralda 1 mln barrel, martda esa 800 ming barrelgacha tushishi kutilmoqda.
Qo‘shma Shtatlar tomonidan joriy etilgan boj tariflari Hindiston moliya bozoriga jiddiy zarar yetkazgan. Shunga qaramay, mutaxassislarning fikricha, Dehli xavflarni kamaytirish va savdo aloqalarini diversifikatsiya qilish siyosatini davom ettiradi.








